O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari qamrovi 2027-yilda 600 mingta obyektga yetkaziladi
Buning uchun tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni 800 taga, mahallalarda patrullik xizmati esa yana 1,5 mingta hududga kengaytiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘riqlash xizmatlari sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Taqdimotda sohani raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yangi xizmat turlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi 10 yilda O‘zbekistonda ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar soni esa 1,5 mlndan 8 mln tagacha oshgan. Tun-u kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalari soni 255 taga yetgan.
Shu davrda qo‘riqlanadigan obyektlar soni 194 mingdan 337 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni 533 tadan 630 taga ko‘paygan. Shuningdek, 6,5 mingta mahallada patrullik xizmati yo‘lga qo‘yilib, 58 ming nafar qorovulning malakasi oshirilgan.
Biroq amaldagi qo‘riqlash xizmatlari qamrovi va turlari aholi hamda tadbirkorlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini to‘liq qondirmayotgani qayd etildi. Xizmatlarning asosan davlat obyektlarini qo‘riqlash bilan cheklanib qolayotgani, sohada sog‘lom raqobat va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan qo‘riqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, aholi, tadbirkorlar, investorlar va sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Qo‘riqlash xizmatlari raqamlashtiriladi
Taqdimotda mavjud beshta axborot tizimini birlashtirgan “Raqamli qo‘riqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilindi.
U orqali qo‘riqlash xizmatlari bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni onlayn olish va tezkor guruhlar harakatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish, qo‘riqlash bo‘linmalari faoliyatini samarali boshqarish rejalashtirilgan.
Amaldagi oltita xizmat turiga qo‘shimcha ravishda yana sakkizta zamonaviy xizmatni joriy etish taklif qilindi.
Jumladan, “Aqlli va xavfsiz uy” konsepsiyasi asosida xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, mobil qurilmalar orqali tezkor yordam chaqirish imkonini beruvchi virtual “SOS” tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini ko‘rsatish, oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, dronlar yordamida kuzatuv olib borish hamda mavsumiy faoliyat yuritadigan obyektlarni qo‘riqlash xizmatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi qurilayotgan obyektlarni qo‘riqlashning muhandislik-texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona talablarni belgilash va shaharsozlik normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish ham taklif etildi.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish orqali texnik qo‘riqlash xizmatidan foydalanish amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Xususiy qo‘riqlash tashkilotlari faoliyati kengaytiriladi
Taqdimotda qo‘riqlash sohasida xususiy sektor imkoniyatlaridan kengroq foydalanish uchun huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, xususiy tashkilotlar tomonidan qo‘riqlashning texnik vositalarini o‘rnatish, sozlash va ularga xizmat ko‘rsatishning yagona tartibi hamda talablarini belgilash taklif qilindi.
Bundan tashqari, qo‘riqlashning zamonaviy texnik vositalarini mahalliylashtirish, milliy dasturiy ta’minot va qurilmalar ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda keltirilishicha, mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60% ga, qurilmalar ishlab chiqarish quvvatini esa oyiga 10 mingdan 30 mingtaga yetkazish mumkin. Bu ularning tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish imkonini beradi.
Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Milliy gvardiyaning qo‘riqlash faoliyatiga oid vakolatlarini kengaytirish ham taklif etildi. Jumladan, Milliy gvardiya qo‘riqlashi mumkin bo‘lgan obyektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish, jismoniy va texnik qo‘riqlash, tansoqchilik hamda tadbirlarda jamoat tartibini saqlash xizmatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, majburiy tartibda qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan obyektlar toifalarini qonunchilikda belgilash va idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalarining huquq-tartibot organlari bilan hamkorligini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2027-yilda qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 600 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonini 800 taga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, yana 1,5 mingta mahallada patrullik xizmati tashkil etilib, qo‘riqlash xizmati xodimlari soni 8 ming nafarga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident qo‘riqlash tizimini takomillashtirishda inson manfaatlari, aholi osoyishtaligi va mol-mulk daxlsizligini ta’minlash ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop xizmatlarni yo‘lga qo‘yish hamda mas’ul idoralar hamkorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ