O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
Yangi tartiblar tadbirkorlar, pensionerlar, gidlar, issiqxona xo‘jaliklari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga taalluqli
Foto: Kapital.uz
1-dekabrdan O‘zbekistonda qonunchilikka kiritilgan qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Yangiliklar tadbirkorlar, xodimlar, pensionerlar, turizm sohasi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini qamrab oladi.
To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari elektron shaklda yuritiladi
1-dekabrdan to‘lovga qobiliyatsizlikka oid ishlar yagona elektron platforma orqali yuritiladi. Jarayon ishtirokchilari tegishli tartib-taomillarning borishini onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar sun’iy intellekt tizimida qayd etiladi
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar haqidagi ma’lumotlar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni nazarda tutuvchi Xavfsiz mehnat axborot tizimiga kiritiladi. Tegishli o‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan.
Issiqxonalar ekologik toza isitish tizimlariga o‘tadi
Issiqxona xo‘jaliklari muqobil energiya manbalaridan foydalanishi yoki chiqindilarni tozalash va ularni onlayn monitoring qilish tizimlarini o‘rnatishi kerak bo‘ladi. Ushbu talab Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan.
Gidlar malaka sertifikatlarini oladi
1-dekabrdan gidlar va gid-tarjimonlarga muddatsiz malaka sertifikatlari berila boshlaydi. Ushbu hujjatlar haqidagi ma’lumotlar yagona elektron reyestrga kiritiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining qarorida nazarda tutilgan.
Pensiya xizmatlari elektron shaklga o‘tkaziladi
Pensiya tayinlash va olish bilan bog‘liq bir qator xizmatlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Pensiya to‘lovlarini ijtimoiy karta orqali olish esa ixtiyoriy bo‘ladi. O‘zgarishlar prezidentning qarori bilan belgilangan.
Xususiy maktablarga korreksion sinflar uchun subsidiya ajratiladi
Xususiy maktablarga korreksion sinflarni tashkil etish uchun subsidiyalar beriladi. Ularning miqdori Toshkent shahrida 11 BHM, viloyatlar markazlari va Nukus shahrida 9,5 BHM, boshqa tumanlarda esa 8,5 BHMni tashkil etadi. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan.
Jazoni o‘tayotgan ayollarning farzandlari uchun tun-u kun ishlaydigan bog‘chalar ochiladi
21- va 42-sonli muassasalar huzurida uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kecha-kunduz faoliyat yuritadigan maktabgacha ta’lim guruhlari tashkil etiladi. Tegishli choralar prezidentning qarori bilan belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ