Toshkentda BRT yo‘laklari tashkil etiladigan to‘rtta ko‘cha tanlandi
Ushbu yo‘laklarni loyihalashtirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga 6,5 mlrd so‘m ajratiladi
Foto: Kapital.uz
Toshkentda avtobuslar uchun umumiy uzunligi qariyb 18 km bo‘lgan alohida harakatlanish yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda e-qaror portalida e’lon qilingan shahar hokimi qarorida ma’lum qilingan.
Hujjatga ko‘ra, yangi avtobus yo‘laklari poytaxtning quyidagi to‘rtta ko‘chasida tashkil etiladi:
- Muqimiy ko‘chasi — 4,6 km;
- Qoratosh va Ko‘kcha-Darvoza ko‘chalari — 4,2 km;
- Parkent ko‘chasi — 2,8 km;
- Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi — 6,3 km.
Avtobuslar uchun ajratiladigan yo‘laklarning umumiy uzunligi 17,9 kmni tashkil etadi.
Ushbu obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun 6,5 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Kapital.uz avvalroq Toshkentda BRT avtobuslari uchun ajratilgan yo‘laklar uzunligi 8 kilometrga yaqinlashgani haqida xabar bergandi. Oktabr oyi oxirida Shota Rustaveli va Shahrisabz ko‘chalari bo‘ylab tezkor avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lakning qariyb 1 kilometrlik yangi qismi ochildi.
2027-yilda Yangi Sergeli ko‘chasida avtobus uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 2027–2030-yillarda loyiha umumiy uzunligi 36,2 kmga kengaytiriladi. Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, yaqin yillarda BRT tarmog‘i quyidagi ko‘chalarda joriy etiladi:
- Shahrisabz ko‘chasi;
- Amir Temur ko‘chasi;
- Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi;
- Yangi Sergeli ko‘chasi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ