Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi Yangi Toshkentning qurilish ishlarida ishtirok etishi mumkin

Prezident, bundan tashqari, yana uchta yetakchi korxona vakillari bilan qator loyihalarni ham muhokama qildi

Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi Yangi Toshkentning qurilish ishlarida ishtirok etishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida “OYAK” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Murat Yalchintashni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari soʻnggi yillarda Turkiya bilan strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, bu jarayonda ishbilarmon doira vakillarining oʻrni va hissasi beqiyos ekanini qayd etdi.

Muloqot chogʻida turkiyalik hamkor har bir sarmoyador uchun katta imkoniyatlar maydoniga aylanib borayotgan Yangi Oʻzbekistonda kimyo sanoati, geologiya va qurilish sohalarida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, Yangi Toshkentda turar joy majmualari va tashqi infratuzilma obyektlari qurilishida faol ishtirok etishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Shundan so‘ng, prezident Anqarada “Evyap Holding” kompaniyasi boshqaruv kengashi aʼzosi Oʻmer Evyapni qabul qildi.

Muloqot chogʻida kompaniya rahbari Yangi Oʻzbekistonda turk kompaniyalari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va taqdim etilayotgan keng imtiyozlar tufayli ularning soni yil sayin oʻsib borayotganini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Evyap Holding kompaniyasi shaxsiy gigiyena va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi boy tajribasidan kelib chiqib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligi bildirildi.

Uchrashuvda OSTIM Global Oʻzbekiston—Turkiya sanoat zonasida yoʻlga qoʻyilayotgan yangi loyihani jadallashtirishga kelishib olindi. Shuningdek, ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni mahalliylashtirish imkoniyati atroflicha koʻrib chiqildi.

“EKSIM Holding” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Ebubekir Tivnikli bilan uchrashuvda esa ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muloqot davomida qayta tiklanuvchi energetika, geologiya va togʻ-kon sanoati, infratuzilma, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini tashkil etish va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi loyihalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish, geologiya yoʻnalishidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida “Anadolu Group” xoldingi boshqaruv kengashi raisi Kamilxan Suleyman Yazijini qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda ushbu kompaniyaning salqin ichimliklar va avtomobilsozlik sohalarida Oʻzbekiston bozoriga kiritgan yirik investitsiyalari mamlakatdagi islohotlarga boʻlgan ishonchning yaqqol ifodasi ekani alohida taʼkidlandi.

Jumladan, Samarqanddagi “SamAvto” korxonasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlari va eksport mahsulotlari hajmini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Muloqot chogʻida Turkiyaning yirik chakana savdo tarmogʻini Oʻzbekiston bozoriga olib kirish, chorvachilik majmuasini barpo etish, goʻsht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish kabi istiqbolli yoʻnalishlar ham koʻrib chiqildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston Xitoydan benzin va dizel yoqilg‘isi import qilishi mumkin
/
O‘zbekiston Xitoydan benzin va dizel yoqilg‘isi import qilishi mumkin
Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida ID-karta orqali safar qilishni taklif qildi
/
Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida ID-karta orqali safar qilishni taklif qildi
Tadbirkorlar o‘rnatgan radarlarga kamar taqmaganlik qoidabuzarligini qayd etishga ruxsat beriladi
/
Tadbirkorlar o‘rnatgan radarlarga kamar taqmaganlik qoidabuzarligini qayd etishga ruxsat beriladi