Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida ID-karta orqali safar qilishni taklif qildi
Hujjat chegaradan o‘tish va mezbon mamlakatda bo‘lish tartibini ham soddalashtirishi kutilmoqda
Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitida Shavkat Mirziyoyev tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi safarlarni soddalashtirishga chaqirdi. Prezident nutqidan parcha aks etgan videoni bir qator Telegram-kanallar e’lon qildi.
O‘zbekiston rahbari TDT doirasida turizmni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilning o‘zida tashkilotga a’zo davlatlarga 100 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, betakror tabiati, boy madaniyati va mehmondo‘stlik an’analarini dunyoga birgalikda namoyish etish uchun Turkiy turizm alyansini tashkil etish vaqti keldi, — dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, prezident TDT mamlakatlariga fuqarolarning o‘zaro safarlari bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus “olislani yaqinlashtirish va murakkabni osonlashtirish”ga xizmat qiladi.
Kutilishicha, bitim tashkilot mamlakatlari o‘rtasida xorijga chiqish pasporti o‘rniga ID-karta orqali safar qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bundan tashqari, hujjat chegaradan o‘tish va mezbon mamlakat hududida bo‘lish tartibini soddalashtirishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ