Binance kriptobirjasi $6,3 mlrdlik zarar bilan yakunlangan kiberhujumga uchradi
Birja foydalanuvchilarning yo‘qotishlarini SAFU jamg‘armasi va o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplashni va’da qildi
Binance kriptobirjasida xavfsizlik bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Natijada xakerlar ruxsatsiz tranzaksiyalarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan. Kompaniya hodisa oqibatidagi zararni taxminan $6,3 mlrdga baholadi. Bu haqda RBC xabar berdi.
Birja ma’lumotlariga ko‘ra, hodisaga aloqador aktivlarning qariyb $3 mlrdlik qismini blokcheynning o‘zida muzlatishga muvaffaq bo‘lingan. Binance foydalanuvchilarning barcha yo‘qotishlarini SAFU jamg‘armasi va kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplashini bildirdi.
Hodisa aniqlangach, kompaniya mablag‘larni yechib olish xizmatini vaqtincha to‘xtatdi, zarar ko‘rgan manzillar uchun avtorizatsiyani bekor qildi hamda tekshiruvga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va blokcheyn tahlili bo‘yicha mutaxassislarni jalb etdi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisaga DevOps muhandisining kompyuteri buzib kirilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Taxmin qilinishicha, xakerlar ushbu kompyuter orqali xizmatlardan birining konteyneriga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan va ruxsatsiz tranzaksiyalarni amalga oshirgan. Shu bilan birga, birja yopiq kalitlar sizdirilganiga oid belgilar aniqlanmaganini ma’lum qildi.
Tahlilchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Binance’ning tezkor operatsiyalar uchun ishlatiladigan onlayn hamyonlari — “issiq hamyonlar”dan $3 mlrddan ortiq aktiv chiqarib olingan.
Binance asoschisi Chanpen Chjao hodisani xakerlik hujumiga o‘xshatdi. U hozirda birjaga rahbarlik qilmasligini, biroq kompaniya foydalanuvchilarning zararini to‘liq qoplashiga umid bildirdi.
Xizmatlar faoliyati
Binance’ning so‘nggi yangilanishiga ko‘ra, foydalanuvchilarning hisoblariga mablag‘ kiritish xizmati hodisadan zarar ko‘rmagan va odatdagi tartibda ishlamoqda. Mablag‘larni yechib olish esa tegishli xizmat va u bilan bog‘liq manzillarning xavfsizlik tizimi yangilanayotgani sababli vaqtincha to‘xtatilgan.
Kompaniya mablag‘larni yechib olish xizmatini 48 soat ichida qayta tiklashni rejalashtirmoqda. Keyingi o‘zgarishlar haqida rasmiy kanallar orqali xabar berilishi bildirilgan.
Birja hodisa bir nechta omillar ta’sirida yuz berganini ham qayd etdi. Xavfsizlik xizmati hujumning buzib kirilgan kompyuterdan boshlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha bosqichlarini tekshirishda davom etmoqda. Hodisaning asosiy sabablarini ko‘rsatadigan batafsil hisobot keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda.
Hodisa haqidagi xabarlar fonida kriptovalyuta bozori ham pasayishga yuz tutdi. Bozor kapitallashuvi vaqtincha $200 mlrddan ko‘proqqa kamaydi. Bir soat ichida kredit yelkasi bilan ochilgan 600 mln dollardan ortiq uzun pozitsiyalar majburiy yopildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ