O‘zbekistonda tijorat banklari faolligi reytingi yangilandi
Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, reytingdagi 20 ta yirik bankdan 10 tasi va 14 ta kichik bankdan 10 tasining o‘rni o‘zgardi
Foto: Kapital.uz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 2026-yilning III choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tijorat banklari faolligi reytingini e’lon qildi. Eng sezilarli o‘zgarishlar moliyaviy ommaboplik, kapital yetarliligi va aktivlar sifati ko‘rsatkichlarida kuzatildi.
Tadqiqotga 34 ta tijorat banki kiritilgan. Ularning 20 tasi yirik, 14 tasi esa kichik banklar toifasiga mansub. Indeks moliyaviy vositachilik va moliyaviy ommaboplik, kapital yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromadlilik hamda likvidlikni qamrab oluvchi 27 ta ko‘rsatkich asosida hisoblanadi.
Yirik banklar reytingida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
Yirik banklar reytingidagi dastlabki to‘rtlik o‘zgarmadi. “Kapitalbank”, “Hamkorbank”, “Asia Alliance Bank” va “Trastbank” yetakchi o‘rinlarini saqlab qoldi.
“Ipak Yo‘li Bank” va Xalq banki esa uch pog‘onadan yuqorilab, “Ipak Yo‘li Bank” kuchli beshlikka kirdi. Eng sezilarli pasayish “Ipoteka-bank” va “Anorbank”da kuzatildi — har ikki bank uch pog‘onadan pastladi.
Kichik banklar orasida ham yetakchilar uchligi o‘zgarmadi. TBC Bank, Universal Bank va AVO Bank dastlabki o‘rinlarni saqlab qoldi. Eng katta o‘sishni “Garant Bank” qayd etdi: bank reytingning 14-o‘rnidan sakkizinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Umuman olganda, yirik banklarning 10 tasi va kichik banklarning 10 tasining reytingdagi o‘rni o‘zgardi. Yirik banklar guruhida beshta bank yuqoriladi, yana beshtasi pastladi. Kichik banklar orasida ham beshta ishtirokchi o‘z o‘rnini yaxshiladi, beshtasi esa quyi pog‘onalarga tushdi.
Moliyaviy ommaboplik yaxshilandi, aktivlar sifati esa dolzarb masala bo‘lib qolmoqda
Yirik banklar orasida eng ijobiy dinamika moliyaviy ommaboplik yo‘nalishida kuzatildi. To‘qqizta bank ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshiladi, beshtasi pastladi, oltitasi esa avvalgi pog‘onasida qoldi.
“Asia Alliance Bank” uch pog‘onaga, O‘zbekiston Milliy banki va “Asakabank” esa ikki pog‘onaga yuqoriladi. “Tenge Bank” esa yetti pog‘onaga pastladi.
Moliyaviy vositachilik yo‘nalishida yettita bank natijalarini yaxshiladi, oltitasi pastladi, yana yettitasi avvalgi o‘rnini saqlab qoldi. Eng katta o‘sishni “Mikrokreditbank” qayd etib, besh pog‘onaga ko‘tarildi. “Turonbank” esa sakkiz pog‘onaga pastladi.
Kapital yetarliligi va aktivlar sifati yo‘nalishlarining har birida sakkiztadan bankning o‘rni pasaydi. Shu bilan birga, oltita bank natijalarini yaxshiladi, yana oltitasi avvalgi pog‘onasini saqlab qoldi.
Kapital yetarliligi bo‘yicha eng katta o‘sishni “Tenge Bank” ko‘rsatdi — bank 10 pog‘onaga yuqoriladi. Aktivlar sifati bo‘yicha esa “Trastbank” yetakchi bo‘lib, besh pog‘onaga ko‘tarildi.
Boshqaruv samaradorligi va daromadlilik ko‘rsatkichlari nisbatan barqaror bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishlarda mos ravishda 13 ta va 14 ta yirik bank o‘z o‘rnini saqlab qoldi.
Likvidlik bo‘yicha eng sezilarli yaxshilanish “Asakabank”da kuzatildi — bank to‘rt pog‘onaga yuqoriladi. “Infinbank” to‘rt pog‘onaga, “Anorbank” esa uch pog‘onaga pastladi.
ITIM bahosiga ko‘ra, banklarning reytingdagi o‘rnini yanada mustahkamlashi kredit portfellari sifati, risklarni boshqarish va moliyaviy natijalar barqarorligiga bog‘liq bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ