IIV SAFE Service platformasidan ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi xabarlarni tekshirmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda SAFE Service platformasi bilan bog‘liq fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda avval Safe Road nomi bilan tanilgan SAFE Service platformasi bilan bog‘liq fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlarni tekshirish uchun Ichki ishlar vazirligi (IIV), Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi va AUTODOC kompaniyasi hamkorlikda tekshiruv o‘tkazmoqda.
IIV ma’lum qilishicha, mutaxassislar e’lon qilingan ma’lumotlarning ishonchliligini aniqlash, axborot tarqalish manbalarini o‘rganish, shuningdek, SAFE Service va boshqa axborot tizimlari hamda elektron platformalardan shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqishi holatlari yuz bergan-yuz bermaganini tekshirmoqda.
SAFE Service platformasi AUTODOC MChJ tomonidan ishlab chiqilgan va unga texnik xizmat ko‘rsatiladi.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, vazirlik aniqlangan holatlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berishni va’da qildi. Agar ma’lumotlar sizib chiqqani tasdiqlanmasa, xabarlar qanday paydo bo‘lgani va ularning tarqalish manbalari ham izohlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ