O‘zbekistonda “Bir yo‘l” yagona transport platformasi joriy etilishi taklif qilindi
2028-yildan yo‘lovchilar temiryo‘l, avia, avtobus va shahar transporti qatnovlarini yagona platforma orqali olish mumkin
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda 2028-yil 1-yanvardan temiryo‘l, havo, avtobus va shahar jamoat transporti qatnovlarini birlashtiruvchi “Bir yo‘l” yagona milliy raqamli transport platformasini joriy etish taklif qilinmoqda.
Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasiga ko‘ra, platforma orqali yo‘lovchilar turli transport yo‘nalishlari, harakat jadvallari, chipta narxlari va mavjud bo‘sh o‘rinlar haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, safarni “eshikdan eshikkacha” tamoyili asosida rejalashtirish, yagona buyurtma va to‘lov orqali elektron chipta hamda transfer xizmatlarini rasmiylashtirish imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan.
Yagona chipta tizimini joriy etish bo‘yicha dastlabki sinov loyihasini 2027-yil 1-iyuldan amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan, Toshkent aeroporti—Urganch aeroporti—Xiva temiryo‘l vokzali yo‘nalishida yagona chipta tizimini sinovdan o‘tkazish taklif qilingan.
Bundan tashqari, ichki aviaqatnovlarning harakat jadvallarini o‘zaro muvofiqlashtirish ham ko‘zda tutilgan. Toshkent xalqaro aeroporti orqali boshqa hududlarga uchadigan yo‘lovchilar uchun qulay bog‘lovchi reyslar tashkil etilishi mumkin.
Bunda bir reysning Toshkentga qo‘nishi va keyingi reysning uchishi o‘rtasidagi vaqtni aeroportning texnologik jarayonlari hamda aviatsiya xavfsizligi talablarini hisobga olgan holda maqbullashtirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, bog‘lovchi aviaqatnovlarga yagona elektron chipta rasmiylashtirish, yo‘lovchilarni yakuniy manzilgacha ro‘yxatdan o‘tkazish va bagajni oraliq aeroportda qayta qabul qilmasdan yakuniy manzilga yetkazish imkoniyatini yaratish taklif etilgan.
Hujjatda poyezdlar, samolyotlar va avtomobil transporti harakat jadvallarini sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda qayta ishlab chiqish ham nazarda tutilmoqda. Xususan, avtobuslarning harakat vaqti poyezdlar va aviaqatnovlar jadvaliga muvofiqlashtiriladi.
Mazkur takliflar temiryo‘l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo‘lovchi tashuvlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyani tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasidan o‘rin olgan. Hujjat 11-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Bundan tashqari, ushbu hujjat loyihasiga asosan 2027-yil oxirigacha Toshkent—Andijon yo‘nalishidagi tezyurar elektropoyezdlar qatnovini Samarqandgacha uzaytirish, 2028-yil oxirigacha esa Farg‘ona vodiysidagi halqa yo‘nalishida qatnovlarni ikki barobarga oshirish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ