O‘zbekistonda 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlarini qayta joriy etish taklifi rad etildi
Taklifga ko‘ra, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun 15–30% lik import bojlari qayta tiklanishi kerak edi
O‘zbekistonda 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga 15% dan 30% gacha bojlarni qayta joriy etish taklifi rad etildi. Bu masala Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashining Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Taklif ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini import bojlarisiz olib kiriladigan tovarlar ro‘yxatidan chiqarishni nazarda tutgan. Jumladan, sut, pishloq, yogurt, shokolad va boshqa mahsulotlarga import bojlarini qayta joriy etish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Muhokama ishtirokchilari tashabbusning aholining xarid qobiliyati va mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlariga ta’sirini muhokama qildi. Yig‘ilishda sut va qaymoq mahsulotlari ishlab chiqarish hamda import hajmi, shuningdek, mavjud taklif ichki bozor ehtiyojlarini qanchalik qondirishi masalalariga e’tibor qaratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 84 ming tonna sut va qaymoq mahsulotlari ishlab chiqarilgan, import hajmi esa 15 ming tonnani tashkil etgan. Shu bilan birga, aholining ushbu mahsulotlarni iste’mol qilish me’yorlari, ularning bozordagi narxi va iste’molchilarning daromadlariga mosligi ham hisobga olinishi kerakligi ta’kidlandi.
Muhokamada import bojlarini qayta joriy etish oziq-ovqat mahsulotlarining aholi uchun hamyonbopligiga ta’sir qilishi mumkinligi qayd etildi. Ishtirokchilardan biri pishloq, tvorog va yogurt kabi mahsulotlar hali barcha oilalar dasturxonida muntazam paydo bo‘lmaganini ta’kidlab, ularning narxini oshirishi mumkin bo‘lgan choralarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Endi o‘zbek xalqi qorni to‘yib, bolalaridan bu mahsulotlarni yashirmaydigan, mehmonga asrab qo‘ymaydigan bo’lyotgan edi. Endi qorin tashvishidan chiqib kattaroq muammolar, yuqoriroq bir maqsadlarni ko’zlashni boshlagan. Bilmayman, bu taklifni kiritayotganlarni balki uyida doimiy pishloq bordir, doimiy tvorog bordir, doimiy yogurt bordir. Lekin qaror bilan yuz minglab odamlarni muzlatkichidan, yeyishidan shu mahsulotni ayirasizlar. Aytyapsizlar, import shunchaga oshdi, ishlab chiqarish shunchaga oshdi. Hali har bir o’zbek xonadonini uyiga pishloq kirib borgani yo’q, — dedi iqtisodchi Otabek Bakirov muhokamalarda.
Qizg‘in muhokamalar yakunida kengash a’zolariga qaror loyihasini to‘liq rad etish taklifi kiritildi. Yakunda 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga bojlarni qayta joriy etish haqidagi taklif rad etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ