Tovar-xomashyo birjasida savdo hajmi 9 oyda 29% ga oshdi
Elektron davlat xaridlari orqali esa buyurtmachilarning 6,8 trln so‘m mablag‘i tejaldi
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (UZEX) savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29% ga oshdi. Bu haqda 30-oktabr kuni birjaning to‘qqiz oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Hisobot davrida birjada 1,7 mlndan ortiq bitim tuzildi, 27,6 mingdan ziyod yangi mijoz ro‘yxatdan o‘tdi. Savdo yo‘nalishlari kesimida birja savdolari 31% ga, elektron davlat xaridlari 32% ga, ko‘rgazma-yarmarka savdolari esa 68% ga o‘sdi.
Tashqi savdo bitimlari hajmi uch baravardan ko‘proq oshib, $646,6 mlnni tashkil etdi.
Birja savdolarida tuzilgan yirik bitimlarning 30 foizi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 29 foizi yoqilg‘i-energetika mahsulotlari, 22 foizi qora va rangli metallar, 11 foizi kimyo va neft-kimyo mahsulotlari, 8 foizi esa qurilish materiallari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Yanvar–sentabr oylarida elektron birja savdolari orqali 312,8 ming tonna suyultirilgan gaz sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3% ko‘p. Oktyabr oyida suyultirilgan gazning o‘rtacha narxi bir tonna uchun 11,5 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha, ya’ni 10 foizga pasaydi.
Shuningdek, hisobot davrida birja orqali jami 9 471,8 kg qimmatbaho metall, jumladan, 8 840,9 kg oltin va 630,9 kg kumush sotildi. Oltinning birjadagi o‘rtacha narxi bir gramm uchun 1,637 mln so‘mni tashkil etdi.
Davlat xaridlarida 6,8 trln so‘m tejaldi
UZEX ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning to‘qqiz oyida “Xarid” elektron savdo tizimi orqali budjet va korporativ buyurtmachilarning 6,8 trln so‘m mablag‘i tejalgan.
Davlat xaridlari tizimining yangi versiyasi — new-xarid.uzex.uz ishga tushirildi. Unda savdo turlari bo‘yicha qidiruv imkoniyatlari takomillashtirilib, tovar va xizmatlar narxlarini tahlil qilish vositalari joriy etildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari integratsiya qilinib, foydalanuvchilarga savollariga real vaqt rejimida javob olish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, markazlashgan xaridlar mexanizmi hamda farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan farma.uzex.uz elektron platformasi ishga tushirildi. Elektron va milliy do‘konlarda tadbirkorlar joylashtiradigan e’lonlarni moderatsiya qilish va baholash jarayonlari ham to‘liq avtomatlashtirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ