O‘zbekistonda 1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi
Yangi oyda pensiya, reklama, kommunal xizmatlar, bojxona va ijtimoiy yordam sohalarida bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi
Фото: Kapital.uz
Kapital.uz 1-noyabrdan O‘zbekistonda kuchga kiradigan bir qator o‘zgarishlarni bir yerga jamladi.
Tadbirkorlar o‘rnatgan radarlarga kamar taqmaganlik qoidabuzarligini qayd etishga ruxsat beriladi
tadbirkorlar o‘rnatgan maxsus avtomatlashtirilgan vositalar haydovchilarning transport vositasini boshqarish va yo‘lovchilarni tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini ham qayd etishi mumkin.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 232-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Yangi talablarga muvofiq, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalari buzilishini qayd etuvchi tizim “Ma’muriy amaliyot” moduliga quyidagi ma’lumotlarni avtomatik uzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak:
- metrologik qiyoslash guvohnomasining raqami va amal qilish muddati;
- qoidabuzarlik aniqlangan sana va vaqt;
- qoidabuzarlik sodir etilgan joyning aniq koordinatalari.
Bundan tashqari, tizim elektr ta’minotida uzilishlar yuz berganda kamida 8 soat ishlashini ta’minlaydigan zaxira elektr manbai bilan jihozlanishi lozim.
Shu bilan birga, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalari buzilishini qayd etishda haydovchining yuzi, xavfsizlik kamaridan foydalangan yoki foydalanmagani yuqori sifatli fotosuratlarda aniq aks etishi shart.
Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS xabarnomalar faqat abonent roziligi bilan yuboriladi
1-noyabrdan O‘zbekistonda mobil aloqa orqali tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS xabarnomalarga yangi talablar joriy etiladi. Reklama yuborish uchun fuqaroning oldindan yozma yoki elektron roziligini olish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini soat 18:00 dan 09:00 gacha yuborish taqiqlanadi. Abonent talab qilsa, mobil aloqa operatorlari reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS xabarlarni to‘liq yoki qisman bloklashi shart bo‘ladi.
Reklama tarqatish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar esa o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Ushbu talablarni buzish reklama va shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb baholanadi.
Ayrim fuqarolarga pensiya murojaatsiz tayinlanadi
1-noyabrdan O‘zbekistonda ayrim fuqarolarga yoshga doir pensiya murojaatsiz tayinlanadi. Shuningdek, imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash xizmati interaktiv shaklda ko‘rsatiladi.
Ishlar hajmi qisqarishi yoki korxona tugatilishi munosabati bilan ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan ikki yil oldin yoshga doir pensiya proaktiv shaklda, ya’ni alohida murojaatsiz tayinlanadi. Bunda fuqaro o‘ziga shu tartibda tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega.
Mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan, shuningdek, boshqa asoslarga ko‘ra pensiya yoshi qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash xizmati interaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Buning uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi mumkin.
Suyultirilgan gaz ta’minotining yangi tizimi joriy etiladi
1-noyabrdan O‘zbekistonda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashning yangi tizimi joriy etiladi. “Hududgazta’minot” huzurida tashkil etiladigan LPG-Trade kompaniyasi aholiga gaz yetkazib berish bo‘yicha ixtisoslashgan operator vazifasini bajaradi.
“O‘zbekneftgaz” va Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasi ishlab chiqaradigan suyultirilgan gaz to‘liq hajmda tovar-xomashyo birjasining alohida savdo maydonchasiga chiqariladi. LPG-Trade aholi ehtiyojlari uchun gazni shu maydonchadan xarid qiladi, hajm yetarli bo‘lmasa, ochiq birja savdolari orqali qo‘shimcha gaz olishi mumkin. Import qiluvchilar ham gazni ushbu maydonchada sotishi mumkin.
Aholiga gaz davlat tomonidan tartibga solinadigan chakana narxlarda yetkazib beriladi. Ushbu narxlar bilan iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlar o‘rtasidagi tafovut LPG-Trade kompaniyasiga respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi. Kompaniya tizimni qayta tashkil etish uchun budjetdan 200 mlrd so‘m ssuda oladi.
Tadbirkorlar uchun elektr va gazga oldindan to‘lov kamaytiriladi
1-noyabrdan tadbirkorlar uchun elektr va gaz to‘lovlari hamda hisobot topshirish tartibi soddalashtiriladi.
Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gaz hisobini avtomatlashtirilgan tizimga ulagan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichlardan foydalanuvchi tadbirkorlar oylik iste’mol uchun 15 foiz oldindan to‘lov qiladi. Avval oldindan to‘lov miqdori 100 foizni tashkil etardi. Biroq so‘nggi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan tadbirkorlarga bu yengillik tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi bo‘yicha yozma hisobotlarni hududiy ta’minot korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi. Elektr va tabiiy gaz bilan ta’minlash xizmatlari bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda tuzish orqali ularni qog‘ozda rasmiylashtirish tartibi ham bekor qilinadi.
Issiqxonalar uchun elektr xarajatlarining yarmi qoplanadi
Issiqxona xo‘jaliklarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va ularning barqaror ishlashini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-noyabrdan elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha maxsus issiqlik saqlovchi “ko‘rpa” bilan qoplangan yoki energiya samarador “yashil” isitish uskunalaridan foydalanayotgan issiqxonalarga oktabr-mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bunday uskunalar qatoriga issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh isitish tizimlari, shuningdek, elektr energiyasida ishlaydigan yuqori samarali isitish tizimlari kiradi.
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun bojxona yig‘imi 20% ga kamayadi
O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘im 20% ga pasaytiriladi.
Hozirda yig‘im jo‘natmaning har bir kilogramm brutto vazni uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 foizini, ya’ni 8 800 so‘mni tashkil etadi. 1-noyabrdan stavka BHMning 1,6 foiziga tushirilib, har bir kilogramm uchun 7 040 so‘mni tashkil qiladi.
Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan moddiy yordam berish rejalashtirilmoqda
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2026-yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratish taklif etilmoqda. Yordam nafaqat Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga, balki “mahalla yettiligi” xulosasi asosida daromadi belgilangan mezonlarga mos keladigan boshqa oilalarga ham berilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagi fuqarolar, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar ham qamrab olinishi nazarda tutilmoqda. Loyihaga ko‘ra, mablag‘lar 30-noyabrga qadar ijtimoiy karta yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ