O‘zbekistonda xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun bojxona yig‘imi 20% ga kamaytiriladi
Yangi tartib kuchga kirgach, yig‘im stavkasi BHMning 1,6 foizigacha tushadi
O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun yig‘im stavkasi 20% ga pasaytiriladi. Bu prezidentning “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-368-son qarorida belgilangan.
Hozirda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun har bir kilogramm brutto vaznga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. BHM 2026-yil 1-sentabrdan 440 ming so‘m etib belgilanganini hisobga olganda, bu 1 kg uchun 8 800 so‘mni tashkil etadi.
Yangi tartib kuchga kirgach, yig‘im stavkasi BHMning 1,6 foizigacha tushadi. Amaldagi BHM bo‘yicha bu har bir kilogramm uchun 7 040 so‘mga teng.
Avvalroq 2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish me’yoridan ortiqcha olib kiriladigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi stavkasi 30% dan 20% ga kamaytirilishi belgilangan edi.
Masalan, O‘zbekistonga samolyotda kelayotgan yo‘lovchi qiymati $1,3 minglik iPhone olib kirsa, uning uchun bojsiz olib kirish limiti $1 mingni tashkil etadi. Bunday holatda bojxona to‘lovlari telefonning to‘liq qiymatiga emas, balki limitdan ortgan $300ga hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ