Rossiyadagi O‘zbekiston bilan bog‘liq gaz quvurida portlash yuz berdi
Penza viloyatidagi hodisadan so‘ng gaz uzatish to‘xtatildi, jabrlanganlar haqida hozircha ma’lumot berilmagan
Rossiyaning Penza viloyatida O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonni Rossiya bilan bog‘laydigan “O‘rta Osiyo — Markaz” magistral gaz quvurida portlash yuz berdi. Hodisadan so‘ng gaz uzatish to‘xtatildi.
Portlash Volchkovo qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Hodisa haqidagi ma’lumotni “Gazprom transgaz Saratov” kompaniyasi “Kommersant” nashriga tasdiqladi.
Portlashdan keyin kuchli yong‘in yuzaga kelgan. Hodisa joyidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, alanga 70 metr balandlikkacha ko‘tarilgan. Gaz quvuri yaqinidagi o‘t-o‘lanlar ham yonib ketgan.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, gaz uzatish tezkorlik bilan to‘xtatilgan. Halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
“O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istondan Rossiyaga, undan keyin esa Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish tizimining bir qismi hisoblanadi. Tizimning umumiy uzunligi qariyb 5 ming kilometrni tashkil etadi.
Shikastlangan quvur qismiga “Gazprom transgaz Saratov” kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Portlash sabablari va yetkazilgan zarar ko‘lami hozircha noma’lum.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ