O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchayganda avtomobillar harakati cheklanishi mumkin

Hukumat qarori loyihasida davlat raqamiga qarab toq va juft kunlarda harakatlanish, qurilish ishlarini vaqtincha cheklash choralari nazarda tutilgan

O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchayganda avtomobillar harakati cheklanishi mumkin

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi atmosfera havosi sifati yomonlashishining huquqiy jihatdan tartibga solinishi, uning oldini olish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, atmosfera havosi sifati yomonlashgan davrlarda atmosfera havosiga transport vositalarining atmosferaga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida viloyat va shahar markazlarida og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatini vaqtincha cheklash rejalashtirilgan. Yoki ular shaharni aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.

Zaruratga ko‘ra avtotransport vositalarining atmosferaga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida transport vositalari harakatini cheklash, davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni belgilash amaliyoti joriy qilinishi mumkin (elektromobillar hamda maxsus transport vositalari bundan mustasno).

Bu tadbirlarning bajarilishi ustidan nazorat Ichki ishlar vazirligi tomonidan Prezident administratsiyasining tegishli ko‘rsatmasiga asosan olib boriladi.

Atmosfera havosi sifati yomonlashgan yoki noqulay meteorologik sharoitlar kuzatilgan davrlarda hududdagi ekologik vaziyatdan kelib chiqib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining asoslantirilgan taklifiga asosan transport vositalarining harakatlanishi vaqtincha cheklanadigan ko‘chalar va yo‘l uchastkalari belgilanadi.

Tabiiy changlanish kuchaygan hamda atmosfera havosi sifati yomonlashgan davrlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shahar hududlaridagi mavjud barcha favvoralarning uzluksiz ishlashi ta’minlanadi hamda markaziy ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarda sug‘orish hamda maxsus transport vositalari orqali namlantirish ishlari kuchaytiriladi. Buning bajarilishi ustidan nazorat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan hududiy hokimliklar bilan birgalikda olib boriladi.

Shuningdek, atmosfera havosi sifati yomonlashgan davrlarda shahar markazlari va aholi zich joylashgan hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirishga vaqtinchalik cheklovlar, shu jumladan qurilish maydonlarida changning havoga tarqalishining oldini oluvchi chang bostirish uskunalari va texnologiyalaridan majburiy foydalanish, qurilish materiallarini yopiq holda saqlash va tashish, maydonlarni muntazam namlantirish hamda chang emissiyasini kamaytirishga qaratilgan boshqa majburiy talablar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Noqulay meteorologik sharoitlar kuzatilgan davrlarda atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirish maqsadida energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanadi, ushbu talab avariyaviy holatlarga, shuningdek, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash zarur bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi atmosfera havosi sifati yomonlashgan yoki noqulay meteorologik sharoitlar kuzatilgan davrlarda aholini himoya qilish choralari sifatida ochiq havoda boʻlishni cheklash, ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor shaxslar uchun uyda qolish boʻyicha tavsiyalar berish, taʼlim muassasalarida ochiq havo mashgʻulotlarini vaqtincha bekor qilish, ommaviy tadbirlarni cheklash hamda zaruratga koʻra davlat tashkilotlarida ish rejimini oʻzgartirish yoki masofaviy shaklga oʻtkazish choralarini belgilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib boradi.

Ushbu qaror loyihasi muhokamasi 12-dekabrgacha davom etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent—Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasi quriladi
/
Toshkent—Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasi quriladi
Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport yonida $5 mlrdlik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi
/
Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport yonida $5 mlrdlik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun 3,1 trln so‘m yo‘naltiriladi
/
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun 3,1 trln so‘m yo‘naltiriladi