O‘zbekistonda rezident aviakompaniyalar uchun soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi

Shuningdek, havo kemalari sonini 2030-yilgacha kamida 250 taga yetkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda rezident aviakompaniyalar uchun soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari rezident aviakompaniyalar uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar joriy etilishini aytdi.

Kelgusi yildan aviayonilg‘i narxi jahondagi o‘rtacha narxga bog‘langan holda shakllantiriladi. Aviayonilg‘i aksiz solig‘idan ozod etilib, qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llanadi.

Ehtiyot qismlar uchun bojxona boji bo‘yicha imtiyoz 2040-yilgacha uzaytiriladi. Havo kemalari, dvigatellar va agregatlar ijarasiga ham qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi tatbiq etiladi.

Mutasaddilarga rezident aviakompaniyalarga ehtiyot qismlar importi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini bir kunda qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga olish majburiyatini olgan aviakompaniyalar uchun alohida yengilliklar beriladi.

Ular jalb qilgan xorijlik mutaxassislarga ijtimoiy soliq stavkasi bir foiz etib belgilanadi. Bunday mutaxassislarga ruxsatnoma berish uchun yig‘im miqdori 30 barobar kamaytiriladi.

Yaratilayotgan sharoitlar hisobiga havo kemalarining sonini kelgusi yilda 150 taga, 2030-yilga qadar kamida 250 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Xalqaro aeroportlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ular 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi. Bunda tejalgan mablag‘larni aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirish shart bo‘ladi.

Prezident O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Buning uchun Yangi Toshkent hududidan 20 gektar yer ajratiladi. Universitet hududida zamonaviy kampus, o‘quv-simulyatsiya va ilmiy-tadqiqot markazlari joylashadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent metrosi uchun 28 ta besh vagonli poyezd olib kelinadi
/
Toshkent metrosi uchun 28 ta besh vagonli poyezd olib kelinadi
O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasiga $20 mlrd xususiy investitsiya jalb qilish imkoniyati bor
/
O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasiga $20 mlrd xususiy investitsiya jalb qilish imkoniyati bor
O‘zbekistonda omonatlarni kafolatlash tizimini raqamlashtirish uchun $5 mln grant jalb qilindi
/
O‘zbekistonda omonatlarni kafolatlash tizimini raqamlashtirish uchun $5 mln grant jalb qilindi