O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasiga $20 mlrd xususiy investitsiya jalb qilish imkoniyati bor
Mamlakatda umumiy qiymati $5,6 mlrd bo‘lgan 593 kilometrlik pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha beshta loyiha amalga oshirilmoqda
O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilda yo‘l sohasiga 80 trln so‘m ajratilib, 7 ming kilometr yo‘l qayta qurildi, 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi. Bu haqda 27-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, sohaga $20 mlrd mablag‘ olib kirish imkoniyati mavjudligini aytdi.
Bugungi kunda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha $6,5 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Urganch—Tuproqqalʼa yo‘li bo‘yicha loyihaga start berildi.
Kelgusi yilda Jahon banki bilan M-41 yo‘lining Surxondaryo viloyatidagi 97 kilometr qismini, Osiyo taraqqiyot banki bilan A-380 yo‘lining Qashqadaryodagi 100 kilometr qismini rekonstruksiya qilish boshlanadi.
Shuningdek, Islom taraqqiyot banki bilan A-373 yo‘lining Sirdaryodagi 37 kilometr qismini, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan esa M-37 yo‘lining Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi 69 kilometr qismini rekonstruksiya qilishga kirishiladi.
Hozirda umumiy qiymati $5,6 mlrd bo‘lgan, jami 593 kilometrlik pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha 5 ta loyihaga kirishilgan. Toshkent—Samarqand yo‘nalishida $2,2mlrdlik yo‘l qurilishi boshlangan, Toshkent – Angren yo‘nalishidagi $1,6 mlrdlik loyiha bo‘yicha tender jarayonlari yakuniga yetmoqda.
Mutasaddilarga Toshkent—Chorvoq, Samarqand—Buxoro yo‘nalishlari va Taxtaqoracha dovonidagi yo‘llar bo‘yicha jami $1,8 mlrdlik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlab, investorlarga taqdim etish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ