O‘zbekistonda omonatlarni kafolatlash tizimini raqamlashtirish uchun $5 mln grant jalb qilindi

Loyiha doirasida Agentlikning 16 ta moduldan iborat boshqaruv-axborot tizimi ishlab chiqiladi

O‘zbekistonda omonatlarni kafolatlash tizimini raqamlashtirish uchun $5 mln grant jalb qilindi

26-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekistonda omonatchilarni himoya qilish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan raqamli transformatsiya loyihasiga start berildi. Bu haqda loyiha taqdimoti davomida ma’lum bo‘ldi.

Loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) granti hisobidan amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati $5 mlnni tashkil etadi. Loyihaning ijrochilari Koreya depozitlarni sug‘urtalash korporatsiyasi (KDIC) va KITC kompaniyasi hisoblanadi. Ishlar 2026-yil noyabridan 2029-yil dekabrigacha davom etishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida Omonatlarni kafolatlash agentligining 16 ta moduldan iborat boshqaruv-axborot tizimi (MIS) ishlab chiqiladi. U Agentlikning ichki jarayonlarini avtomatlashtirish, omonatlar haqidagi ma’lumotlarni qayta ishlash va kompensatsiya to‘lovlarini tashkil etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu axborot tizimi nafaqat Agentlikning ichki jarayonlarini avtomatlashtirish, balki omonatchilar manfaatlarini himoya qilishga ham qaratilgan. U kompensatsiya to‘lovlarini qonunchilikda belgilangan muddatlarda amalga oshirishga yordam beradi, — dedi Agentlik axborot tizimlari va kiberxavfsizlik departamenti katta eksperti Qudrat G‘ulomov.

Yangi tizim orqali omonatchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona platformada jamlash, banklardan axborotni standartlashtirilgan shaklda qabul qilish va tekshirish, kafolat badallarini hisoblash hamda nazorat qilish jarayonlarini avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, omonatchilar uchun onlayn xizmatlarni rivojlantirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va Markaziy bank hamda moliya tizimining boshqa ishtirokchilari bilan ma’lumot almashish imkoniyatlari yaratiladi.

Loyihaning muhim vazifalaridan biri kafolatlangan hodisa yuz berganidan keyin kompensatsiya to‘lovlarini yetti ish kuni ichida amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratishdir. Buning uchun ma’lumotlar sifatini oshirish, to‘lov jarayonlarini raqamlashtirish va amaliy mashqlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Loyihaning avvalgi bosqichi qanday yakunlandi?

Qudrat G‘ulomovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida loyiha bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi 2023-yilda imzolangan. Uning birinchi bosqichi 2025-yil noyabrida boshlangan va 2026-yil 22-mayda yakunlangan.

Ushbu bosqichda Agentlikning mavjud biznes jarayonlari o‘rganilib, axborot tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha strategik reja ishlab chiqilgan. Shuningdek, 16 ta funksional modulni o‘z ichiga olgan maqsadli model, ustuvor vazifalar va 2029-yilgacha mo‘ljallangan yo‘l xaritasi belgilangan.

Birinchi bosqich yakunlangach, Agentlik keyingi bosqich uchun grant mablag‘larini jalb qilishga ariza topshirgan. 2026-yil sentabrida loyiha 5 mln dollarlik grantni qo‘lga kiritgan.

Yangi bosqich doirasida ishlab chiqiladigan tizim Agentlikning operatsion imkoniyatlarini kengaytirish, kompensatsiya to‘lovlariga tayyorgarlikni kuchaytirish va omonatchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
/
O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari qamrovi 2027-yilda 600 mingta obyektga yetkaziladi
/
O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari qamrovi 2027-yilda 600 mingta obyektga yetkaziladi
Markaziy bank 2027-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi
/
Markaziy bank 2027-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxatini tasdiqladi