Toshkent metrosi uchun 28 ta besh vagonli poyezd olib kelinadi
Shuningdek, hozirda foydalanilayotgan 40 ta to‘rt vagonli poyezd besh vagonli tizimga o‘tkaziladi
Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi uch yilda tadbirkorlar tomonidan 3,5 mingdan ziyod zamonaviy avtobus olib kelindi, 330 ta yo‘nalish yangi tizimga o‘tkazildi. Natijada kunlik yo‘lovchilar oqimi poytaxtda 2 barobar, hududlarda 2,5 barobar oshdi.
Endilikda poytaxtni aglomeratsiya hududlari bilan bog‘lovchi, uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan barcha avtobus yo‘nalishlari to‘liq “brutto” tizimiga o‘tkaziladi.
Kamida 100 ta avtobusga mo‘ljallangan avtobus saroyini quradigan tadbirkorlarning qurilish xarajatlari soliq bazasidan chegirib beriladi.
Mutasaddilarga bir oyda olis hududlarni shaharlar bilan bog‘lovchi avtobus yo‘nalishlarida tadbirkorlar uchun jozibador bo‘lgan, “brutto” tizimiga o‘xshash yangi moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.
Bugungi kunda poytaxtdagi yo‘lovchilarning 46 foizi metropoliten hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Metrodan kunlik foydalanish 25 foizga o‘sgan bo‘lib, yil yakuniga qadar yo‘lovchilarning soni kuniga 1,3 mln nafarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, bekatlarda tirbandlik va poyezdlarga chiqishda navbatlar kuzatilayotgani qayd etildi.
Metropolitenning harakat tarkibini yangilash davom ettirilib, keyingi ikki yilda 28 ta besh vagonli poyezd olib kelinadi.
Shuningdek, hozirda foydalanilayotgan 40 ta to‘rt vagonli poyezd besh vagonli tizimga o‘tkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ