Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport yonida $5 mlrdlik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi
Unda logistika va elektron tijorat markazlari, zamonaviy mehmonxonalar va turar joylarni qamrab olgan yaxlit ekotizim yaratiladi
Foto: Incheon International Airport Corporation
Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik quruqlik portiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Ayni paytda O‘rta yo‘lak imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.
Mutasaddilarga Ozarbayjon, Turkmaniston va Gruziya bilan elektron yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarni yakunlash topshirildi.
O‘zbekistondan Kaspiy, Qora dengiz, Sharqiy Xitoy dengizi va Boltiqbo‘yi davlatlari portlarigacha blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yib, bu haqida tadbirkorlarga ma’lum qilish vazifasi qo‘yildi.
Keyingi o‘n yilda mamlakatning logistika quvvatlarini 80 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Endilikda Xonobod shahri, Olot, Termiz, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Prezident zamonaviy logistika markazlari yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinganini eslatdi.
Mutasaddilar va hokimlarga bundan unumli foydalanib, investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati $1,6 mlrdlik 9 ta yirik logistika markazini barpo etish topshirildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 11 ta xalqaro aeroport zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi. Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Arnasoy, Shahrisabz, Sariosiyo va So‘xdagi aeroportlar tiklanib, aeroportlar soni 18 taga yetdi. Urganch, Samarqand, Buxoro va Namangan aeroportlari xususiy sheriklik asosida investorlarga ishonchli boshqaruvga berildi.
Joriy yilda aviatsiya orqali yo‘lovchi tashish hajmi 17 mln nafarni tashkil etadi, yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 25 mln nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda 1,3 ming gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda.
Ushbu aeroportga tutash 800 gektar maydonda $5 mlrdlik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi. Unda logistika va elektron tijorat markazlari, nufuzli brendlar, zamonaviy mehmonxonalar va turar joylarni qamrab olgan yaxlit ekotizim yaratiladi.
Mutasaddilarga kelgusi yilning 1-iyuligacha hududning master-rejasini yakunlab, mahalliy va xorijlik investorlarga taqdim etish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ