O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun 3,1 trln so‘m yo‘naltiriladi
2030-yilga qadar turizm xizmatlari eksportini $10 mlrdga, xorijiy sayyohlar sonini esa yiliga 20 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda
26-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev turizm sohasini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va Buxoro viloyatida yirik loyihalarni amalga oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yilning dastlabki 10 oyida O‘zbekistonga 11,6 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga ko‘p. Turizm xizmatlari eksporti 1,5 barobar oshib, $6,1 mlrdga yetdi. Xorijiy mehmonlarning o‘rtacha xarajatlari esa 26 foizga ko‘paydi.
2030-yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 mln nafarga, turizm xizmatlari eksportini $10 mlrdga, sohada band bo‘lganlar sonini esa 2 mln nafarga yetkazish maqsad qilingan. Turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga chiqarish rejalashtirilmoqda.
2027-yilda Ikkinchi Buxoro xalqaro biennalesini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tadbir doirasida uzunligi 2,3 kilometr bo‘lgan piyodalar uchun madaniy yo‘nalish tashkil etiladi. U Somoniylar bog‘i, Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi va Labi Hovuz ansamblini birlashtiradi.
Shuningdek, AQSh va Janubiy Koreya tashkilotlari bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish loyihalari muhokama qilindi. Ular yodgorliklarning uch o‘lchamli modellarini yaratish, arxeologik artefaktlarni saqlash va mutaxassislar malakasini oshirishni nazarda tutadi.
Hududlarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 34 ta master-reja ishlab chiqiladi
Hukumat turistik sayohatlar geografiyasini kengaytirish va yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Ular qatoriga ekologik, etnografik, agrar, gastronomik, ekstremal, tibbiy, ishbilarmonlik va kinoturizm kiradi.
“Bir mahalla — bir turistik mahsulot” tamoyili asosida mahalla va qishloqlarni turistik yo‘nalishlarga kiritish ko‘zda tutilgan. Xorijiy mehmonlarni mahalliy turmush tarzi, milliy urf-odatlar, hunarmandchilik va milliy taomlar bilan tanishtirish orqali aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratiladi.
2026–2027-yillarda hududlarning turistik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha 34 ta master-reja ishlab chiqiladi. Ulardan 13 tasi hozirgacha tayyorlangan.
Bundan tashqari, “To‘dako‘l” turistik-rekreatsion zonasini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Suv havzasi sohilida mehmonxonalar, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari qurish, ekologik turizm uchun infratuzilma yaratish rejalashtirilgan.
Turistik infratuzilmaga 3,1 trln so‘m ajratiladi
Yangi loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy maydoni 5 ming gektar bo‘lgan yer uchastkalarini auksionga chiqarish rejalashtirilmoqda. 2030-yilgacha turistik infratuzilmani rivojlantirishga 3,1 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 2027-yilda 100 mlrd so‘m mablag‘ bilan Turistik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari yangi turistik obyektlarni barpo etish, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash hamda zamonaviy ko‘ngilochar xizmatlarni subsidiyalashga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ