Yengil sanoat korxonalarida zarur xomashyo uchun imtiyozlar 2030-yilgacha uzaytirildi

Korxonalarning kreditlari bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish muddati 36 oyga uzaytiriladi

Yengil sanoat korxonalarida zarur xomashyo uchun imtiyozlar 2030-yilgacha uzaytirildi

O‘zbekistonda yengil sanoat korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish choralari belgilandi. Bu Prezidentning 26-noyabrdagi PQ–407-sonli qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026–2029-yillarda yengil sanoat korxonalariga investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish muddati 36 oyga uzaytiriladi. Shuningdek, kreditlar foizining bir qismini qoplab berish tizimi joriy etiladi.

2028-yil 1-yanvarga qadar korxonalarning eksport tushumini mamlakatga olib kirish muddati 365 kungacha uzaytiriladi. Ushbu davrda tushum o‘z vaqtida olib kirilmagani uchun jarima solish va eksport operatsiyalarini cheklash choralari qo‘llanmaydi.

Bundan tashqari, paxta tolasini qayta ishlash quvvatlariga ega paxta-to‘qimachilik klasterlari va to‘qimachilik korxonalarining kredit qarzdorligini undirishda xarid qilingan paxta xomashyosi hamda undan ishlab chiqarilgan paxta tolasiga undiruv qaratilmaydi.

Yengil sanoat korxonalari ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni import qilishda bojxona bojidan ozod etish bo‘yicha avval berilgan imtiyozlar muddati 2030-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.

Klasterlarning kredit qarzlarini to‘lash muddatlari uzaytiriladi

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 2022–2023-yillardagi paxta hosili uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud, faoliyat yuritayotgan klasterlarning 3,2 trln so‘mlik kredit to‘lovlari muddati uzaytiriladi.

Ushbu qarzdorlik 2028–2029-yillarda har oy teng ulushlarda qaytariladi.

Shuningdek, 2025-yilgi paxta hosili uchun ajratilgan 1,2 trln so‘mlik kredit qarzdorligini to‘lash muddati ham uzaytiriladi. Uni 2027-yil 1-martgacha teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Yengil sanoat korxonalarining xarajatlari qoplanadi

Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan korxonalarda ishlab chiqarish tannarxini maqbullashtirishga qaratilgan Kaizen, Lean management kabi tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlari qoplab beriladi.

2027-yil 1-iyulgacha sun’iy tolani qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarga ushbu mahsulot importidagi transport xarajatlarining har bir tonna uchun 200 dollargacha bo‘lgan qismi qoplanadi.

2028-yil 1-yanvargacha elektron savdo platformalari orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizi, shuningdek, ushbu platformalarda mahsulotlarni reklama qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

To‘qimachilik korxonalarini banklar boshqarishi mumkin

Qarorda banklar balansiga kredit qarzdorligini undirish hisobiga o‘tkazilgan to‘qimachilik korxonalarini sotish tartibi ham belgilangan.

Bozor qiymati $15 mlndan ortiq bo‘lgan bunday korxonalarni tijorat banklari va ularning investitsiya kompaniyalari qonunchilikda belgilangan tartibda mulkiy majmua sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin bo‘ladi.

Yangi investorga sotilgunga qadar banklarga korxonaning jozibadorligini oshirish maqsadida ishlab chiqarish faoliyatini o‘z boshqaruv guruhlari orqali tiklash va mahsulotlarni eksportga chiqarish choralarini ko‘rishga ham ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, 2027-yil hosilidan boshlab Jamg‘arma tomonidan paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratiladigan resurslar foiz stavkasi 2% bandga pasaytiriladi. “Agrobank” ATB marjasi esa 4% etib belgilanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchayganda avtomobillar harakati cheklanishi mumkin
/
O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchayganda avtomobillar harakati cheklanishi mumkin
Toshkent—Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasi quriladi
/
Toshkent—Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasi quriladi
Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport yonida $5 mlrdlik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi
/
Toshkentdagi yangi xalqaro aeroport yonida $5 mlrdlik Aerocity loyihasi amalga oshiriladi