2027-yildan jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi 20% gacha kamaytiriladi
Bunda to‘lov har bir kilogramm uchun kamida $2 bo‘lishi kerak
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishda undiriladigan yagona bojxona to‘lovi stavkasi pasaytiriladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27-avgustdagi bojxona organlari faoliyatini takomillashtirishga oid farmonida belgilangan.
2027-yil 1-yanvardan yagona bojxona to‘lovi tovar qiymatining 30% idan 20% igacha kamaytiriladi. Bunda to‘lov har bir kilogramm uchun kamida $2 bo‘lishi kerak.
Shuningdek, yangi yildan bojxona organlari import qilinadigan tovarlarning qat’iy qiymatini belgilamaydi. Bojxona qiymatini aniqlashda rasmiy dilerlar va distribyutorlarning narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalaniladi.
Past xavfli importyorlar uchun nazorat soddalashtiriladi
Past xavf darajasiga ega importyorlar uchun nazorat tartiblari ham yengillashtiriladi. Ular bo‘yicha ayrim bojxona nazorati tadbirlari tovar erkin muomalaga chiqarilganidan keyin o‘tkazilishi mumkin.
Bu tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilari uchun bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tish vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi.
Dastlabki yuk bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi ham soddalashtiriladi. Bitta deklaratsiyadan mahsulotni olib kirish uchun zarur bo‘lgan sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda ariza sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.
2027-yil 1-iyundan boshlab jismoniy shaxslarga shaxsiy va notijorat maqsadlarda tovar olib kirishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi.
Agar hisoblangan yagona bojxona to‘lovi summasi majburiy bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, mazkur yig‘imlar undirilmaydi.
Tovar kelib chiqishini tasdiqlash tartibi o‘zgaradi
Tovarlarning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar bilan ishlash tartibiga ham o‘zgartirishlar kiritiladi.
Kelib chiqish sertifikati va boshqa hujjatlardagi ma’lumotlar o‘rtasidagi kichik tafovutlar, agar ular tovar xususiyatlariga ta’sir qilmasa, sertifikatni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Importyor tovar kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni dastlab to‘g‘ri rasmiylashtirilgan holda taqdim eta olmagan taqdirda, unga qo‘shimcha muddat beriladi.
Tovar qabul qilinib, bojxona to‘lovlari amalga oshirilganidan keyin bir yil ichida sertifikat taqdim etilsa, erkin savdo rejimi yoki eng qulay shartlar rejimini tiklash imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, bojxona rasmiylashtiruvidan keyin uch yil ichida taqdim etilgan hujjat tarif preferensiyalarini tiklash imkonini beradi. Bunda xalqaro qoidalarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarini qaytarish bo‘yicha arizalar ham elektron shaklda ko‘rib chiqiladi.
Bojxona nazoratida sun’iy intellekt qo‘llanadi
2027-yil oxirigacha tovarlar erkin muomalaga chiqarilganidan keyin hujjatlardagi tafovutlarni aniqlaydigan sun’iy intellekt asosidagi tizimni joriy etish rejalashtirilgan.
Tizim qoidabuzarliklarni aniqlasa, tadbirkorga tegishli xabarnoma yuboriladi. U nazorat tadbirlari boshlanishidan oldin aniqlangan kamchiliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, eksportyorlarga ekologik sertifikatlarni ixtiyoriy murojaat asosida olish imkoniyati beriladi. Past xavf darajasiga ega mahsulotlarga zarur sertifikat va ruxsatnomalar birinchi navbatda beriladi hamda ular uchun bojxona nazoratidan tezlashtirilgan tartibda o‘tish imkoniyati yaratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ