O‘zbekistonda 2030-yilgacha 22 GVt yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan
Bugungacha $4,5 mlrdlik energetika loyihalari bo‘yicha bitimlar imzolandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari energetikani taraqqiyotning yuragi deb atab, barqaror energiya ta‘minoti tadbirkorlar sarmoyasi va odamlarning ertangi kunga ishonchi uchun muhimligini ta’kidladi.
O‘n yil avval sohadagi muammolarni hal qilish, eskirgan quvvatlarni yangilash va o‘sib borayotgan talabni qoplash vazifalari belgilab olingan edi. Buning uchun energetika bozori xususiy sarmoyaga ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. O‘tgan davrda sohaga $35 mlrd investitsiya kiritildi, hamkor davlatlar soni 2-3 tadan 10 tadan ortiqqa yetdi.
Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31% ga ko‘tarildi. “Yashil” quvvatlar 11,1 gVtni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 28% ga oshib, 2,3 kVt soatga yetdi.
Bugun umumiy qiymati $4,5 mlrdlik 6 ta yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 mVt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Davlat rahbari o‘tgan yillarda energetika loyihalarini tayyorlash va investorlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘planganini qayd etdi. Endi hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tiladi: har bir investitsiya yangi quvvat yaratish bilan birga ta‘minot ishonchliligini oshirishi va yo‘qotishlarni kamaytirishi kerak.
2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish maqsad qilingan. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 129 mlrd kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54% ga yetadi.
Yaqinda imzolangan farmon bilan yoqilg‘i-energetika sohasida davlat va biznesning vazifalari aniq ajratildi. Yangi bosqichda loyihalar ochiq raqobat, shaffof qoidalar va kelishilgan shartlarning izchil bajarilishi asosida amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ