Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlaridagi narxlar keskin oshishini o‘rganmoqda
Yirik agregatorlardagi texnik nosozliklar fonida tig‘iz vaqtlarda taksi narxlari bir necha baravar oshgani aytilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi taksi agregatorlari xizmatlari narxi va ular faoliyatida insofsiz raqobat alomatlari bor-yo‘qligini o‘rganishni boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yirik agregatorlar ishidagi “texnik nosozliklar” fonida raqobatchi xizmatlarda tig‘iz vaqtlarda yo‘l haqi bir necha baravar oshgan. Bu jamoatchilikning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
O‘rganish davomida qo‘mita narxlarning oshirilishi qanchalik asosli ekani va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilayotganiga e’tibor qaratadi.
Agregatorlarga yo‘l haqini belgilash algoritmlarini qayta ko‘rib chiqib, narxlarning keskin va sun’iy oshirilishining oldini olish tavsiya qilindi.
Shuningdek, kompaniyalar quyidagi choralarni ko‘rishi kerak:
- haydovchilar ishlab topgan mablag‘larini hisoblariga o‘tkazishda yuzaga kelayotgan nosozliklarni bartaraf etish;
- asossiz ravishda bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish;
- bajarilgan buyurtmalar uchun belgilangan barcha bonuslarni qayta hisoblab, to‘lash;
- kompaniyalar manfaatini ko‘zlab ish yurituvchi shaxslar tomonidan ham insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik;
- haydovchilar va iste’molchilarga xizmat ko‘rsatuvchi texnik yordam markazlarining kecha-yu kunduz uzluksiz ishlashini ta’minlash.
Raqobat muhitidagi har qanday harakat iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim, — deya ta’kidladi qo‘mita.
Qo‘mita agregatorlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish talablarini buzgani aniqlansa, tekshiruv o‘tkazilishi va qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ