Tesla ucha oladigan Roadster elektromobilining yangi avlodini taqdim etdi
Kompaniya elektromobilning noodatiy imkoniyatlarini Texasdagi SpaceX sinov maydonida namoyish qildi
Foto: Teslamotors
Amerikaning Tesla kompaniyasi 16-oktabr kuni Roadster elektr sport avtomobilining yangi avlodini taqdim etdi. Taqdimot davomida avtomobilning noodatiy imkoniyatlari Texasdagi SpaceX sinov maydonida namoyish qilindi.
Taqdimotda siqilgan havo yordamida ishlaydigan dvigatellar tizimi ko‘rsatildi. Shuningdek, avtomobilning maxsus rampadan sakrashi va turli to‘siqlardan oshib o‘tishi namoyish etildi.
Roadster bir nechta Tesla avtomobili to‘siq sifatida joylashtirilgan maydondan sakrab o‘tdi. Modelning e’lon qilingan imkoniyatlari qatorida havoda bo‘ylama o‘qi atrofida to‘liq aylanish va teskari holatda harakatlanish ham bor.
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, elektromobil joyidan qo‘zg‘alib, soatiga 100 kilometr tezlikka 0,81 soniyada erisha oladi. Biroq seriyali ishlab chiqariladigan versiyaning yakuniy texnik xususiyatlari hali tasdiqlanishi kerak.

Tesla rahbari Ilon Mask avtomobil Tesla va SpaceX hamkorligining natijasi ekanini ta’kidladi.
Ko‘zlaringizga ishonmaysiz. Siz dunyodagi eng yaxshi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya va eng yaxshi raketa ishlab chiqaruvchi kompaniya hamkorligi natijasini ko‘rib turibsiz, — dedi u.
Tesla kompaniyasining muhandislik ishlanmalari bo‘yicha vitse-prezidenti Lars Moravi avtomobilning tag qismiga o‘rnatilgan ventilyatorlar tizimi haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, ushbu tizim qo‘shimcha bosim kuchini hosil qilib, avtomobilning yo‘l yuzasi bilan ilashishini yaxshilashi kerak.
Tesla elektromobil uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. Bunda depozit miqdori $50 mingni tashkil etadi. Cheklangan miqdorda ishlab chiqariladigan Founders Series versiyasini band qilish uchun esa $250 ming to‘lash kerak.
Roadster’ning yangi avlodi dastlabki prototipdan, jumladan, burchakliroq dizayni bilan farq qiladi. Uning tashqi ko‘rinishi Cybertruck elektr pikapini eslatadi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, Roadster Tesla’ning haydovchi tomonidan qo‘lda boshqarishga mo‘ljallangan so‘nggi avtomobili bo‘ladi.
Shu bilan birga, taqdimotda namoyish etilgan imkoniyatlar ularning barchasi seriyali versiyada ham bo‘lishini anglatmaydi. Avtomobilning yakuniy texnik ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarishni boshlash va xaridorlarga yetkazib berish muddatlari qo‘shimcha tasdiq talab qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ