Mirziyoyev Osiyoda energetika loyihalarini kengaytirishni taklif qildi
Shuningdek, mamlakat 2030-yilgacha Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHICHK) yettinchi sammitida Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, dunyoda geosiyosiy o‘zgarishlar va yangi tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va nizolarning oldini olish muhim ahamiyatga ega. U Osiyodagi qurolli mojarolar mintaqaviy xavfsizlikka putur yetkazayotgani, global iqtisodiyotga zarar keltirayotgani va millionlab insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev barcha nizolarni tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda hal etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Yaqin Sharqdagi qarama-qarshiliklar va G‘azodagi gumanitar vaziyat yuzasidan xavotir bildirdi.
Osiyoda ishonch infratuzilmasi yaratilishi taklif qilindi
Davlat rahbari taklif etgan konsepsiyada OHICHKni uzoq muddatli rivojlantirish yo‘nalishlari, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanishi kerak.
Xususan, transport va energetika sohasidagi qo‘shma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratish taklif etildi.
Prezidentning fikricha, davlatlar o‘rtasidagi ishonch siyosiy vaziyatdan qat’i nazar, munosabatlarning doimiy va mustahkam poydevori bo‘lishi lozim.
Sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha tashabbus
Shavkat Mirziyoyev sammitda Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ham ilgari surdi.
Ushbu yo‘nalishda kengash doirasida ekspertlar maydonini tashkil etish taklif qilindi. Unda a’zo mamlakatlar mutaxassislari umumiy tavsiyalar ishlab chiqishi va amaliy choralarni kelishib olishi mumkin.
Prezident raqamli taraqqiyot barcha mamlakatlarga birdek foyda keltirishi va texnologik rivojlanishdagi tafovutni kamaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishlariga moslashish uchun davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik tashabbusi taklif etildi. U suvni tejaydigan texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini muntazam kuzatib borishni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda inson salohiyatini rivojlantirish forumi o‘tkaziladi
O‘zbekiston OHICHKning inson mezoni bo‘yicha koordinatori sifatida ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.
Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev kelgusi yili Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forum o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Unda yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, sifatli ta’limdan foydalanish hamda raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, kengash doirasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish uchun yaqin ikki yilga mo‘ljallangan Harakatlar dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi
Prezident kelgusi yili O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatining 20-sammitiga mezbonlik qilishini, mamlakat 2030-yilgacha tashkilotga raislik qilishini ma’lum qildi.
U Toshkent sammiti xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va nizolarning oldini olish tizimini shakllantirishda muhim voqea bo‘lishiga umid bildirdi hamda OHICHK ishtirokchilarini ushbu forumda qatnashishga taklif qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston kengashning tashkiliy asoslarini mustahkamlash va nizomini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Prezident Laosning kengashga a’zo davlat sifatida qo‘shilgani munosabati bilan mamlakat rahbariyatini tabrikladi.
O‘zbekiston OHICHK bosh kotibi lavozimiga Ozarbayjon vakili nomzodini qo‘llab-quvvatlashini va Ozarbayjonning kengashga raislikni 2028-yilgacha davom ettirish niyatini olqishlashini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ