AQSH sudi Tramp ma’muriyatiga 2027-yilgi Green Card lotereyasini ochishni buyurdi
Qarorga ko‘ra, Diversity Visa dasturida ro‘yxatdan o‘tish kamida 30 kun davom etishi kerak
Фото: ForumDaily New York
AQSH federal sudyasi Tramp ma’muriyatiga 2027-yilgi Green Card (Diversity Visa) lotereyasini ochish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunga ma’muriyatning vizalar dasturida ro‘yxatdan o‘tish davrini o‘z vaqtida boshlamagani sabab bo‘ldi. Bu haqda Newsweek xabar berdi.
AQSH okrug sudyasi Jinsuk Ohta 14-oktyabr kuni qaror chiqardi. U Marko Rubio boshchiligidagi Davlat departamentiga 2027-yilgi grin-karta dasturi uchun ro‘yxatga olish muddatini belgilashni buyurdi.
Bu qaror arizachilarga lotereyada qatnashish imkonini beradi. Davlat departamenti ajratilgan 55 mingta vizaning barchasi berilgunga yoki 2027-moliya yili tugagunga qadar arizalarni ko‘rib chiqishi shart.
Da’vo kiritgan Red Eagle Law L.C. kompaniyasi advokati Kyurtis Morrisonning so‘zlariga ko‘ra, Ohta Davlat departamentiga 2027-yilgi lotereya ro‘yxatdan o‘tish davrini 15-oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan yarim tungacha ochiq deb e’lon qilish va uni yo‘lga qo‘yishni buyurdi. Ro‘yxatga olish muddati kamida 30 kun davom etishi kerak.
Green Card dasturiga qarshi bo‘lgan Tramp ma’muriyati o‘tgan moliya yili tugaguncha 2027-yilgi lotereya uchun ro‘yxatdan o‘tishni ochmagan edi. Keyinchalik hukumat sudda kechiktirilgan ro‘yxatga olish davrini ochish dastur muddatlarini tartibga soluvchi qoidalarga zid kelishini iddao qildi.
Red Eagle Law kompaniyasi Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tishni ochmaganiga e’tiroz bildirib, Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunga muvofiq Rubioni sudda javobgarlikka tortdi.
AQSH Kongressi tomonidan 1990-yilda tashkil etilgan grin-karta dasturi Qo‘shma Shtatlarga immigratsiya ko‘rsatkichi past bo‘lgan mamlakatlarning munosib fuqarolariga doimiy yashash huquqini taqdim etadi. Lotereya g‘oliblari vizani olish uchun immigratsiya talablariga javob berishlari shart.
AQSh 2026-yil 10-apreldan boshlab Diversity Visa dasturida ro‘yxatdan o‘tish tartibiga qo‘shimcha talablar joriy etgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ