Toshkentning uchta tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
Xususan, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkent shahrining Yashnobod, Yangihayot va Chilonzor tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Abdulaziz Abdulhaqov Yashnobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
U 1980-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. 2018–2025-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining qurilish, infratuzilma va obodonlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
Mazkur tayinlovga qadar 2025-yildan Toshkent shahar UET Construction MCHJ ijtimoiy obyektlarni qurish departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
2020-yildan beri Yashnobod tumani hokimi lavozimida Baxtiyor Rahmonqulov ishlab kelayotgandi.
Lazizbek Temirov Yangihayot tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
U 1989-yilda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 2012-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2021-yilda esa mazkur universitet magistraturasini tamomlagan.
Mazkur tayinlovga qadar 2024-yildan Yashnobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Hayot Inog‘omov Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
U 1986-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini, 2008-yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan. Mazkur tayinlovga qadar 2020-yildan Yangihayot tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
2022-yildan beri Chilonzor tumaniga Saidqahhor Xolxo‘jayev hokimlik qilib kelayotgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ