Transport-logistika markazlarga 2040-yilgacha soliq imtiyozlari berildi

2030-yilgacha transport xizmatlari eksporti esa $3,5 mlrdga yetkazilishi rejalashtirilmoqda

Transport-logistika markazlarga 2040-yilgacha soliq imtiyozlari berildi

O‘zbekiston prezidentining “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori [PQ-368-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, 2026−2030-yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan:

  • transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 mln tonnaga yetkaziladi;
  • transport va logistika xizmatlari eksporti 3,5 mlrd AQSh dollariga, respublika hududi orqali tranzit yuk tashish hajmi 18,5 mln tonnaga yetkaziladi;
  • respublikadagi barcha talablarga javob beruvchi xalqaro quruqlik portlari soni hozirgi 24 tadan 30 taga yetkaziladi;
  • Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati va transport-logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobarga oshiriladi.

Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.

Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi hamda ular 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi.

2040-yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi. Buning uchun markaz ESKATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan, tizimlarni joriy etgan va “E-logistika” platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi shart.

Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun 2029-yil 1-avgustgacha ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va extiyot qismlar bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2027-yil 31-dekabrgacha M2, M3, N toifadagi transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lashsiz import qilishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish uchun 240 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
/
O‘zbekistonda uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish uchun 240 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
To‘qqiz oy davomida qurilish me’yorlarini buzgan 3 mingdan ziyod obyekt buzib tashlangan
/
To‘qqiz oy davomida qurilish me’yorlarini buzgan 3 mingdan ziyod obyekt buzib tashlangan
XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi prognozini 7,8% gacha oshirdi
/
XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi prognozini 7,8% gacha oshirdi