Davr Bank nomi ABB Davr Bank’ga o‘zgartirildi
Yangi nom ustav davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgach rasman kuchga kiradi
Davr Bank aksiyadorlarining 9-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida bankning yangi tahrirdagi ustavi tasdiqlandi. Shuningdek, bank nomini “ABB Davr Bank” aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yangi nom bank ustavi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab rasman qo‘llanadi. Bank kundalik faoliyatida “ABB Davr” tijorat belgisidan foydalanadi. Uni tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish bank boshqaruvi zimmasiga yuklatilgan.
Davr Bank kuzatuv kengashi to‘liq yangilandi
Aksiyadorlar bank kuzatuv kengashining amaldagi besh nafar a’zosi vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Kengash tarkibidan bank asoschisi va raisi Lutfulla Ubayev, shuningdek, Mirkodir Mirzayatov, Atxam Alimov, Ozoda Abdurahmonova va Shavkat G‘iyosov chiqarildi.
Yangi kuzatuv kengashi uch yil muddatga quyidagi tarkibda saylandi:
- Taleh Tahirli;
- Agshin Amirov;
- Shafag Hasanova — mustaqil a’zo;
- Said Abudnabiev — mustaqil a’zo;
- Farhod Roziyev — mustaqil a’zo.
Taleh Tahirli va Agshin Amirov ABB boshqaruvi raisining o‘rinbosarlari hisoblanadi. Ular avvalroq Markaziy bank bilan Davr Bank’ni sotib olish va uni rivojlantirish rejalariga bag‘ishlangan muzokaralarda ham qatnashgan.
Yangi kuzatuv kengashi raisi uning birinchi yig‘ilishida a’zolar orasidan saylanadi. Uch nafar mustaqil a’zoga oyiga jami 180 mln so‘m haq to‘lanishi belgilangan.
Bank boshqaruviga ABB vakillari kiritildi
Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari Ravshan Tojiyev va Alisher Qurbonov lavozimlaridan chiqarildi. Ularning o‘rniga Aynur Sulaymanli va Geybat Gadirov boshqaruv raisi o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Natijada bank boshqaruvi quyidagi tarkibda tasdiqlandi:
- Abdulmajid Samadov — boshqaruv raisi;
- Aynur Sulaymanli — rais o‘rinbosari;
- Geybat Gadirov — rais o‘rinbosari;
- Samarjon Nazarov — rais o‘rinbosari.
Yangi kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolarining nomzodlari Markaziy bank bilan kelishiladi. Yangi rahbarlar lavozimga kirishganidan keyin avvalgi rahbarlarning vakolatlari yakunlanadi. Ungacha amaldagi a’zolar o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.
ABB Davr Bank’ning 51% aksiyasini sotib olgan
Ozarbayjonning ABB banki 10-sentabr kuni Toshkent fond birjasida Davr Bank’ning 51 mln dona oddiy aksiyasini sotib olgandi. Bitim qiymati 1,646 trln so‘m yoki qariyb $140 mlnni tashkil etgan.
Natijada ABB bank kapitalidagi 51 foizlik nazorat paketiga ega bo‘ldi. Davr Bank’ning qolgan aksiyalari avvalgi aksiyadorlarda saqlanib qoldi.
Bitimdan so‘ng S&P Global Ratings Davr Bank’ning uzoq muddatli kredit reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi va reyting prognozini “barqaror” darajasida belgiladi. Agentlik buni zarurat tug‘ilganda bank ABB moliyaviy guruhidan yordam olishi mumkinligi bilan izohladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ