UzPost’ning davlat ulushi Wildberries’ga 2025-yilda ishonchli boshqaruviga berilgan
Davaktiv rahbari avvalroq tomonlar faqat hamkorlik to‘g‘risida kelishuv tuzganini, ishonchli boshqaruv shartnomasi mavjud emasligini aytgand
Фото: UzPost
O‘zbekiston milliy pochta operatori UzPost’ning davlat aksiyalari paketi Wildberries’ning sho‘ba korxonasi ishonchli boshqaruviga berilgan. Biroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) rahbari Sohibjon Murodov tegishli ma’lumotlar e’lon qilinishidan biroz oldin bunday shartnoma mavjudligini inkor etgan edi.
Aksiyalarni ishonchli boshqaruvga berish haqidagi ma’lumot UzPost aksiyadorlarining 21-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bayonnomasida qayd etilgan. Hujjat Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan. Unga ko‘ra, kompaniyaning davlat ulushini ishonchli boshqarish to‘g‘risidagi shartnoma 2025-yil 30-dekabrda tuzilgan.
Gap pochta operatorining 92,9% aksiyasi haqida bormoqda. Ishonchli boshqaruvchi etib Wildberries’ning sho‘ba korxonasi — WB INT EXPORT tayinlangan. Shartnoma bir yil muddatga tuzilgan. Aksiyalar paketini boshqaruvga berish uchun 2025-yil 13-oktabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarori asos bo‘lgan.
8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar agentlik rahbariyatidan UzPost qanday asosda Wildberries’ga berilgani va tegishli qaror qachon qabul qilinganiga izoh berishni so‘ragan.
O‘shanda Sohibjon Murodov tomonlar hamkorlik to‘g‘risida kelishuv tuzganini, biroq ishonchli boshqaruv shartnomasi mavjud emasligini bildirgan.
Bugungi kunda ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘q. Faqat hamkorlik to‘g‘risida shartnoma bor. Buni bevosita ishonchli boshqaruv deb atash mumkin emas. Ushbu boshqaruvga jalb etish bo‘yicha kelishuv bo‘lgan. Hozirgi kunda ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘q, — degan agentlik rahbari.
Shunday qilib, aksiyadorlar yig‘ilishi bayonnomasida 2025-yil dekabr oyi oxirida tuzilgan shartnoma haqida ma’lumot keltirilgan bo‘lsa, 2026-yil 8-oktabr kuni agentlik rahbari bunday kelishuv mavjudligini inkor etgan.
Kapital.uz shartnoma qanday sharoitlarda tuzilgani va vaziyat yuzasidan izoh olish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga so‘rov yubordi, ammo material e’lon qilingunga qadar agentlik matbuot xizmati javob bermadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ