Rossiyadagi gaz quvuri portlashi O‘zbekiston gaz ta’minotiga ta’sir qilmagan — vazirlik
13-oktabr kuni Penza viloyatida sodir bo‘lgan avariya sabab gaz ta’minotida uzilish kuzatilmagan
Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
Rossiyaning Penza viloyatida “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvurida yuz bergan portlash O‘zbekistonga, shuningdek, boshqa yo‘nalishlarga gaz yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatmadi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi vakili Adham Amanov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.
Hodisa 13-oktabr kuni Penza viloyatining Belinskiy tumanida, Volchkovo qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, avariyaga texnologik jarayonning buzilishi sabab bo‘lgan, shundan so‘ng quvur yorilgan.
Portlash joyida kuchli alangali yonish kuzatilgan, olov balandligi taxminan 70 metrga yetgan. Shuningdek, quruq o‘tlar ham yonib ketgan. Avariya xizmatlari quvurning shikastlangan qismini yopgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘q.
“O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimining umumiy uzunligi qariyb 5 ming kilometrni tashkil etadi. Dastlab magistral Turkmaniston va O‘zbekistondan Qozog‘iston orqali Rossiyaga gaz tashish uchun ishlatilgan.
2023-yil oktabridan boshlab tizimning bir qismi teskari yo‘nalishda ham ishlay boshlagan: Rossiya gazi Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ