InFinBank kuzatuv kengashiga Botir Qobilov mustaqil a’zo etib saylandi
U Shuhrat Mirzarahimov o‘rnini egalladi. Mirzarahimov kengash tarkibidan o‘z xohishiga ko‘ra chiqish haqida ariza bergan
“Invest Finance Bank” (InFinBank) aksiyadorlarining 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Botir Qobilov bank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi. U ushbu lavozimda vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan Shuhrat Mirzarahimov o‘rnini egalladi.
Yig‘ilish bayonnomasiga ko‘ra, Mirzarahimov kengash tarkibidan o‘z xohishiga ko‘ra chiqish haqida ariza bergan. U 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishda kuzatuv kengashiga uch yil muddatga saylangan edi.
Qobilov nomzodi esa 14-sentabr kuni kuzatuv kengashining mustaqil a’zoligiga uch yil muddatga taklif qilingan. Amaldagi tartibga muvofiq, kuzatuv kengashi a’zoligiga nomzod Markaziy bank bilan kelishilishi lozim.
O‘zgarishlardan so‘ng InFinBank kuzatuv kengashi besh nafar a’zodan iborat bo‘ladi. 2025-yilning aprelida Otabek Bakirov ham ushbu bankning mustaqil kengash a’zosi etib belgilangandi.
Botir Qobilov kim?
Botir Qobilov — o‘zbekistonlik iqtisodchi. U Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS) tahsil olgan va institutning hamkori bo‘lgan Uels universitetida bank ishi va moliya yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli bakalavr darajasini olgan.
Mehnat faoliyatini O‘zbekistonda boshlagan Qobilov Islom taraqqiyot banki, “Ipak Yo‘li” banki va Markaziy bankda ishlagan. U Markaziy bankda bosh iqtisodchi lavozimida faoliyat yuritgan.
2014-yilda grant asosida AQShning Dyuk universitetida iqtisodiyot bo‘yicha magistraturaga o‘qishga kirgan va professorlarning tadqiqot loyihalarida assistent bo‘lib ishlagan. Magistraturani tugatgach, uch yil davomida Garvard biznes maktabida tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritgan, keyinchalik shu yerda doktoranturada o‘qishni davom ettirgan.
2020-yilda Qobilov Garvard uchun O‘zbekiston haqida tayyorlangan ilk to‘liq keys-tadqiqotning hammualliflaridan biri bo‘lgan. 2024-yilda u Garvard biznes maktabida “Moliya bozori va iqtisodiyotda axborot va ma’lumotlarning roli” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U ushbu maktabda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan ilk o‘zbekistonlik hisoblanadi.
Qobilov Markaziy bank Jamoatchilik kengashi a’zosi hamdir. Shuningdek, u iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan birgalikda Uzbekonomics Telegram kanali va podkastini yuritadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ