Marko Rubio 200 nafar biznes vakillari bilan Samarqandga keladi
Rubio C5+1 formatiga kiruvchi barcha davlatlarning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 200 nafardan ortiq biznes vakillaridan iborat delegatsiya bilan Samarqandga keladi. AQSH Davlat departamenti tashrif tafsilotlarini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Rubio 17–22-oktyabr kunlari O‘zbekiston va Hindiston shaharlarida bo‘ladi. U tashrif davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda C5+1 vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi. Unda strategik hamkorlikni rivojlantirish orqali AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tinchlik va farovonlikni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, Rubio C5+1 formatiga kiruvchi barcha davlatlarning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Unga 200 nafardan ortiq biznes vakillaridan iborat delegatsiya hamrohlik qiladi. Dastlab delegatsiya 100 kishidan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan edi.
Bu tashrif AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tijoriy hamkorlikni mustahkamlashda yangi davrni boshlab beradi, deyiladi Davlat departamenti xabarida.
Shundan so‘ng Rubio Hindistonga yo‘l oladi. Bu uning 2026-yildagi mamlakatga ikkinchi tashrifi bo‘ladi. U Mumbay va Jamnagar shaharlarida hukumatning yuqori martabali vakillari bilan uchrashib, AQSH va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va global vaziyat yuzasidan fikr almashishni rejalashtirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ