O‘zbekistonda uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish uchun 240 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Mablag‘lar ehtiyojmand oilalar yashaydigan 3 mingta uyni issiqlikdan izolyatsiya qilish va shunga o'xshash maqsadlar uchun sarflanadi
O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar yashaydigan 3 mingta uyning energiya samaradorligini oshirish uchun 240 mlrd so‘m yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Dastur doirasida issiqlik yo‘qotilishini va kommunal xizmatlar uchun xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida uylarning devorlari va tomlarini issiqlikdan izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar o‘rnatish, shuningdek, suvni isitish uchun quyosh panellari va gelio kollektorlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Dastur ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni, jumladan, “og‘ir” toifadagi mahallalarda yashovchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tashabbusni amalga oshirishda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Energiya samaradorligi milliy agentligi ishtirok etadi. Idoralar 2026-yil 1-martdan boshlab ehtiyojmand oilalarning ayrim toifalari uchun uy-joylarni energiya tejamkor ta’mirlash ishlarini tashkil etishni boshlagan.
Xususan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydigan va mehnatga layoqatli oila a’zolari mavjud bo‘lmagan oilalarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.
Dastur uchun jami 240 mlrd so‘m ajratilishi va 3 mingta uy qamrab olinishi hisobga olinsa, har bir xonadonga o‘rtacha 80 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Biroq amaldagi xarajatlar uy-joyning holati va bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘lamiga qarab farqlanishi mumkin.
Binolarni issiqlikdan izolyatsiya qilish va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish isitish hamda boshqa maishiy ehtiyojlar uchun energiya sarfini kamaytirishi kutilmoqda. Bu esa oilalarning kommunal xizmatlar uchun xarajatlarini qisqartirishga yordam beradi.
Shu bilan birga, ta’mirlash ishlarini yakunlash muddatlari, mablag‘larning hududlar bo‘yicha taqsimoti va energiya iste’moli qancha foizga kamayishi kutilayotgani hozircha aniqlashtirilmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ