Biznes obyektlaridagi nom yozilgan peshlavhalar uchun reklama pasporti talab qilinmaydi
Tadbirkorlarning o‘z transport vositalariga joylashtiriladigan reklama ma’lumotlari uchun ham soddalashtirilgan tartib joriy etiladi
Foto: Kapital.uz
Biznes obyektlarining nomlari tushirilgan axborot peshlavhalari uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 13-oktabrdagi qarorida so‘z boradi. Ushbu o‘zgarish haqida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ham ma’lum qildi.
Hujjat bilan tadbirkorlik subyektining binosi yoki inshootining tashqi tomonida, kirish qismida joylashtirilgan nomi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan firma nomi, tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi tashqi reklama obyektlari hisoblanmasligi belgilab qo‘yildi.
Endilikda yuridik shaxsning o‘z avtotransport vositalarida uning tovar belgisi, faoliyat turi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari yoki ko‘rsatilayotgan xizmatlari to‘g‘risidagi reklama ma’lumotlari soddalashtirilgan tartibda joylashtirilishi mumkin. Bunday holatda reklama joyining pasportini olish uchun yuridik shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektron shaklda xabarnoma yuborishi lozim.
Bu vakolatli organlarni xabardor qilish deb hisoblanadi va reklama joyining pasporti avtomatik ravishda shakllantiriladi. Ushbu xizmat bepul amalga oshiriladi.
Xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan tovar belgilari ko‘rsatilgan taqdirda, reklama joyining pasporti avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Reklama joyining pasportini onlayn tarzda mustaqil ravishda bekor qilish ham mumkin, ma’lumotlar avtomatik ravishda soliq organlariga yuboriladi.
Qisqa muddatli reklamalar uchun aniq muddatlar belgilandi. Qurilish obyektlarida reklama qurilish tugallanguniga qadar, bayramlar va tadbirlar munosabati bilan esa 30 kungacha bo‘lgan muddatga joylashtirilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ