O‘zbekistonda yana ikkita atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda
Jizzaxdagi AESga mahsulot yetkazib beruvchi maxsus sanoat zonasi rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi
O‘zbekiston yana ikkita atom elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Aziza Qurbonova ma’lum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda uran qazib olish hajmi ortib borayotgani, atom energetikasi sohasida esa zarur tajriba va imkoniyatlar shakllanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanganidan so‘ng O‘zbekistonda yana ikkita AES barpo etish rejalashtirilgan. Ikkinchi stansiya qurilishi masalasi yangi hamkorlar va investorlar bilan muhokama qilinadi.
Energetika loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi oshiriladi
Energetika loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xitoyning China Energy kompaniyasi energiya saqlashga mo‘ljallangan sakkizta tizimni qurishda mahalliy mahsulotlardan qariyb 40% foydalangan. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati $200 mlnga yaqin bo‘lgan.
O‘tgan yili energetika sohasidagi barcha investitsiya loyihalarida foydalanilgan mahalliy tovar va xizmatlar qiymati $740 mlnga yetgan. Prezident bu ko‘rsatkichni uch-to‘rt baravarga oshirish mumkinligini qayd etdi.
Buning uchun Sanoat kooperatsiyasi agentligi va mahalliy tarmoq birlashmalari investorlarning mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi. Shuningdek, korxonalarga zarur mahsulotlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishda yordam ko‘rsatiladi.
Hozirda O‘zbekiston yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlarini boshqarish modullari va shamol generatorlari uchun butlovchi qismlarni katta hajmda import qilmoqda. Ularning mahalliy ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish uchun umumiy qiymati 850 mln dollar bo‘lgan 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan.
Jizzaxda maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi uchun zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan maxsus sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu zona rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.
Shavkat Mirziyoyev investorlarni energetika sohasi uchun uskunalar va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish loyihalarida ishtirok etishga chaqirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ