O‘zbekistonda 2027-yilgacha 3,3 mingta avtobus va mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda

2026–2027-yillarda jamoat transporti yo‘nalishlari soni 282 tadan 418 taga yetkaziladi

O‘zbekistonda 2027-yilgacha 3,3 mingta avtobus va mikroavtobus xarid qilish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 2026–2027-yillarda jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va transport vositalarini yangilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi bugun, 16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kapital.uz muxbiri.

Rejaga ko‘ra, brutto-shartnoma tizimida ishlaydigan yo‘nalishlar soni amaldagi 282 tadan 418 taga yetkaziladi. Qo‘qon, Shahrisabz va Xiva shaharlarida ham ushbu tizim joriy etiladi. Bundan tashqari, shahar aglomeratsiyalarini qamrab oluvchi 90 ta yangi brutto yo‘nalishi tashkil etiladi.

3 300 ta avtobus va mikroavtobus xarid qilinadi

Jamoat transporti parkini yangilash doirasida brutto yo‘nalishlari uchun 1 800 ta yangi avtobus xarid qilish rejalashtirilgan. Qishloq va olis hududlarda transport xizmatlarini yaxshilash hamda “Damas” avtomobillarini bosqichma-bosqich almashtirish uchun yana 500 ta avtobus va 1 000 ta mikroavtobus sotib olinadi.

Shuningdek, ekologik toza transport ulushini oshirish maqsadida Nukus, Samarqand va Namangan shaharlari uchun jami 252 ta elektobus xarid qilish loyihalari amalga oshiriladi.

Toshkent metropoliteni uchun 14 ta yangi poyezd — jami 56 ta vagon olib kelish ham rejalashtirilgan.

150 km yangi avtobus yo‘lagi tashkil etiladi

Jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish doirasida 16 ta avtovokzal va avtostansiya hamda 743 ta oraliq avtobus bekatini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Shaharlarda 150 km alohida avtobus yo‘lagi tashkil etiladi.

Markaziy shaharlarning transport bosh rejalarida esa 248 ta yo‘nalish, 2 551 ta avtobus va 2 904 ta bekat tashkil etish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, 747 km alohida avtobus yo‘lagi, 365 km veloyo‘lak, 34 ta transport o‘tish bog‘lamasi va 34 ta avtoturargoh qurish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 16 ta avtovokzal va avtostansiya hamda 743 ta oraliq avtobus bekatini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Yo‘nalishlar va to‘lov tizimi o‘zgaradi

Rejaga ko‘ra, barcha shaharlardagi jamoat transporti yo‘nalishlari bosqichma-bosqich brutto-shartnoma tizimiga o‘tkaziladi. Barcha brutto yo‘nalishlarida yo‘l haqini to‘liq naqdsiz shaklda to‘lash joriy etiladi.

Markaziy shaharlarning transport bosh rejalarini amalga oshirish uchun transport infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish dasturi ham amalga oshiriladi.

Hozirgi transport tizimi qanday?

Matbuot anjumanida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 3 389 ta tadbirkorlik subyekti 374 536 ta avtotransport vositasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Jamoat transporti yo‘nalishlarida jami 36 878 ta transport vositasi mavjud. Ularning 8 174 tasi avtobus, 4 855 tasi mikroavtobus va 23 849 tasi “Damas” avtomobillaridan iborat. Bundan tashqari, 335 541 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yo‘nalishsiz taksi xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Respublikada jami 2 868 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi faoliyat yuritadi. Shundan 653 tasi shahar ichida, 2 041 tasi shahar atrofida, 174 tasi esa viloyat ichidagi shaharlararo yo‘nalishlardir.

Transport vositalari turiga ko‘ra, 1 412 ta yo‘nalish M1 toifasidagi yengil avtomobillar, 362 tasi M2 toifasidagi mikroavtobuslar va 1 094 tasi M3 toifasidagi avtobuslar orqali xizmat ko‘rsatadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda yana ikkita atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda yana ikkita atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda energetika investorlari kengashi tashkil etiladi
/
O‘zbekistonda energetika investorlari kengashi tashkil etiladi
Markaziy bank uchinchi chorakda mijozlaridan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar ro‘yxatini e’lon qildi
/
Markaziy bank uchinchi chorakda mijozlaridan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar ro‘yxatini e’lon qildi