Markaziy bank uchinchi chorakda mijozlaridan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar ro‘yxatini e’lon qildi

Iyul-sentyabr oylarida banklar faoliyati yuzasidan 12 307 ta murojaat kelib tushgan

Markaziy bank uchinchi chorakda mijozlaridan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar ro‘yxatini e’lon qildi

Markaziy bank 2026-yilning iyul-sentyabr oylarida banklar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qildi. Hisobot davrida regulyatorga bevosita va boshqa davlat organlari orqali jami 12 307 ta murojaat kelib tushgan.

Mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Hayot Bankda qayd etildi — 5,71. Keyingi o‘rinlarda Biznesni rivojlantirish banki — 3,17 va Mikrokreditbank — 2,53 ko‘rsatkichlari bilan joylashdi.

Murojaatlar indeksi yuqori bo‘lgan o‘nta bank qatoriga, shuningdek, TBC Bank (1,96), Anorbank (1,86), Turonbank (1,62), Asakabank (1,27), InFinBank (1,25), AVO bank (1,25) va Kapitalbank (1,24) kirdi.

Markaziy bankka ko‘ra, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqoriligi bank xizmatlari sifatini yaxshilash zarurligini ko‘rsatadi. Xususan, banklar mijozlarga mahsulot va xizmatlar shartlarini yetarlicha tushuntirishi, murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob berishi lozim.

Regulyator, shuningdek, takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Markaziy bank banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishni tavsiya etdi.

Regulyator qayd etishicha, murojaatlar indeksi bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini emas, balki mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar uchun indeks hisoblanmaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda energetika investorlari kengashi tashkil etiladi
/
O‘zbekistonda energetika investorlari kengashi tashkil etiladi
O‘zbekistonda 2030-yilgacha 22 GVt yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan
/
O‘zbekistonda 2030-yilgacha 22 GVt yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan
Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlaridagi narxlar keskin oshishini o‘rganmoqda
/
Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlaridagi narxlar keskin oshishini o‘rganmoqda