Urganchdagi UzXCMG zavodining 49,07% davlat ulushi auksionga qo‘yildi

Davlat aktivining boshlang‘ich narxi 140,53 mlrd so‘m etib belgilangan

Urganchdagi UzXCMG zavodining 49,07% davlat ulushi auksionga qo‘yildi

Urganch shahrida joylashgan UzXCMG qo‘shma korxonasining ustav fondidagi 49,07% davlat ulushi elektron auksionga qo‘yildi. Davlat aktivining boshlang‘ich narxi 140,53 mlrd so‘m etib belgilangan. Bu haqda E-auksion platformasida ma’lum qilindi.

Auksion 19-oktabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi. Ishtirok etish uchun arizalar shu kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi. Zakalat miqdori boshlang‘ich narxning 3 foizi — 4,22 mlrd so‘mni tashkil etadi. Savdolar narxni oshirib borish tartibida o‘tkaziladi, auksion qadami esa 1,41 mlrd so‘m etib belgilangan.

Korxona kon sanoati va yerosti ishlari uchun texnika, jumladan, gidravlik ekskavatorlar hamda qurilish va maxsus texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavod Urganch shahridagi Sanoatchilar ko‘chasida joylashgan. Uning yer maydoni 5,99 gektar, hujjatlarda bino va inshootlar maydoni 23 ming kvadrat metr, amaldagi maydon esa 24,4 ming kvadrat metr deb ko‘rsatilgan.

Davlat ulushini sotish shartlari

Savdo shartlariga ko‘ra, xaridor davlat ulushini korxonaning kreditorlik va debitorlik majburiyatlarini hisobga olgan holda sotib oladi.

Dastlab xarid qiymatining 15 foizini 30 kalendar kun ichida to‘lash talab etiladi. Qolgan summani qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin.

Qiymati 23 ming bazaviy hisoblash miqdoridan yuqori bo‘lgan davlat aktivlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Xaridor olti oy ichida aktiv qiymatining 50 foizini to‘lasa, qolgan summani yetti yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin. Agar aktiv qiymati olti oy ichida to‘liq to‘lansa, xaridorga umumiy summadan 25% chegirma beriladi.

Shuningdek, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilayotgan davlat aktivi qiymatining kamida 35 foizini bir yo‘la to‘lagan xaridor aktivni kredit olish uchun garovga qo‘yishi mumkin.

UzXCMG 2025-yilda 29,95 mlrd so‘m sof foyda olgan

Korxonaning moliyaviy ko‘rsatkichlari 2025-yilda yaxshilangan. Umumiy daromad 424,1 mlrd so‘mdan 502,4 mlrd so‘mga, sof tushum esa 416,6 mlrd so‘mdan 481,4 mlrd so‘mga oshgan.

UzXCMG 2024-yilni 1,47 mlrd so‘m sof zarar bilan yakunlagan bo‘lsa, 2025-yilda 29,95 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan. Biroq 2026-yilning birinchi choragida korxona 1,39 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, korxonaning kreditorlik qarzi 248,34 mlrd so‘m, debitorlik qarzi esa 154,72 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ular o‘rtasidagi farq 93,63 mlrd so‘mga yetgan.

Birinchi chorakda zavod aktivlarining umumiy qiymati ham oshgan: 2025-yil oxiridagi 301 mlrd so‘mdan 418,8 mlrd so‘mga yetgan. Korxona pasportiga ko‘ra, zavodda 159 kishi ishlaydi.

Korxona 2014-yilda tashkil etilgan

O‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi UzXCMG 2014-yilda Urganchda faoliyat boshlagan. Uning ta’sischilari “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi va Xitoyning Xuzhou Construction Machinery Group (XCMG) kompaniyasi hisoblanadi.

Korxona maxsus texnika ishlab chiqarish bilan birga, unga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. Zavodning davlat ulushini sotish 2023-yildan beri rejalashtirilgan bo‘lib, o‘shanda korxona davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturiga kiritilgan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Davr Bank nomi ABB Davr Bank’ga o‘zgartirildi
/
Davr Bank nomi ABB Davr Bank’ga o‘zgartirildi
UzPost’ning davlat ulushi Wildberries’ga 2025-yilda ishonchli boshqaruviga berilgan
/
UzPost’ning davlat ulushi Wildberries’ga 2025-yilda ishonchli boshqaruviga berilgan
InFinBank kuzatuv kengashiga Botir Qobilov mustaqil a’zo etib saylandi
/
InFinBank kuzatuv kengashiga Botir Qobilov mustaqil a’zo etib saylandi