Issiqxonalar uchun 3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi mumkin
Bu 1-dekabrgacha ekologik toza energiya manbalariga o‘tish uchun moliyaviy yordam sifatida tashkil qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy etish va ularning ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar faoliyati tahlil qilindi. O‘tgan yili maxsus komissiya issiqxonalarni xatlovdan o‘tkazib, ularning bir qismini ekologik toza energiya manbalariga o‘tkazishga ko‘maklashgan. Biroq ayrim xo‘jaliklarda hanuz ko‘mirdan foydalanilmoqda.
Kuz-qish mavsumida shamol tezligining pasayishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalardan chiqadigan zararli tashlamalar Toshkent va uning atrofida to‘planishi mumkin. Shu sababli poytaxt va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalar uchun “yashil” texnologiyalarga asoslangan maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi.
Issiqxonalar uchun qanday talablar belgilanadi?
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, issiqxonalarni isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqish taqiqlanadi. Qattiq yoqilg‘idan foydalanayotgan issiqxonalarga joriy yil 1-dekabrgacha ekologik toza energiya manbalariga o‘tish taklif etilmoqda.
Qattiq yoqilg‘idan foydalanishga faqat belgilangan texnik talablarga javob beradigan issiqxonalarda ruxsat berilishi mumkin. Buning uchun yoqilg‘ini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, kul va shlakni xavfsiz yig‘ish sharoitini yaratish hamda zaxira generatoriga ega bo‘lish talab etiladi. Tutun mo‘risining balandligi ham belgilangan me’yorlarga mos kelishi kerak.
Ekologik monitoring va nazorat kuchaytiriladi
Joriy yil 15-oktabrdan 2027-yil 15-martgacha issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib borish rejalashtirilgan. Bunda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, havoga chiqariladigan tashlamalar miqdori va yoqilg‘i turlariga qo‘yilgan talablarning bajarilishi nazorat qilinadi.
O‘lchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoring jarayonida dronlardan foydalanish va jamoatchilik nazorati vakillarini jalb etish ham nazarda tutilgan.
Chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmagani, tashlamalar belgilangan me’yorlardan oshgani yoki taqiqlangan yoqilg‘idan foydalanilgani aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi. Zarur hollarda issiqxona faoliyati to‘xtatilishi mumkin.
Issiqxonalarga subsidiya va imtiyozli kredit ajratiladi
Issiqxona xo‘jaliklarining yangi talablarga moslashishi uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish ham taklif etilmoqda.
Xususan, ekologik va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish uchun har bir gektarga 50 mln so‘mgacha subsidiya, shuningdek, yetti yil muddatga 3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan. Monitoring uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarini yengillashtirish choralari ham ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Toshkent atrofidagi issiqxonalarga filtr o‘rnatish sharti bilan ko‘mirdan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligini xabar qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ