O‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari so‘nggi 10 yilda to‘rt baravar oshdi
Chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni esa shu davrda ikki baravarga kamaygan
So‘nggi o‘n yilda chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ikki baravarga kamayganiga qaramay, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich xalqaro mehnat bozorida o‘zbek mutaxassislariga munosabat o‘zgarib, odamlar chetga oddiy ishchi emas, balki malakali kadr sifatida borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 168 mln kishi xorijiy migratsiyada yuribdi. Mamlakatda chet elda ishlash istagidagi fuqarolar mavjud bo‘lsa, boshqa davlatlarda ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori ekani aytilib, ushbu ikki imkoniyatni o‘zaro bog‘lash soha mutasaddilari va hududlar rahbarlari oldida turgan asosiy vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Inson o‘z kasbini puxta egallasin, o‘z qadrini bilsin, o‘z yurtiga tayana olsin!, — dedi prezident.
Davlat rahbari qayd etishicha, ilgari mehnat migratsiyasi yo‘nalishida atigi 3 ta davlat bilan ish olib borilgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni 27 taga yetgan, hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar esa qariyb 400 taga ko‘paygan.
Shu bilan birga, yig‘ilishda hududlar o‘rtasidagi keskin farqlar ham ochib berildi. Xorijda ishlayotgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik pul o‘tkazmasi Farg‘ona viloyatida $1850 ni tashkil etayotgan bir paytda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida ushbu ko‘rsatkich $400 ga ham yetmayapti. Shuningdek, o‘rtacha oylik yubormalar Sirdaryoda $500, Jizzax va Navoiyda $600, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida esa $700 dan oshmayapti.
Shu sababli hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlari odamlarni yuqori daromadli ishlarga tayyorlash bo‘yicha o‘z ishini qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ta’kidlandi.
Aslida, inson qayerda ishlashi, qancha maosh olishi, huquqini kim himoya qilishini bilib borishi kerak!, — dedi prezident.
Davlat rahbari xorijdagi mehnat bozorlariga chiqishda elchilar, hokimlar va texnikumlar hamjihatlikda ishlashi shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatarda xorijiy hamkorlar topib, ularni mahalliy texnikumlar bilan bog‘lash va o‘zbekistonliklarni munosib ishga joylashtirish bo‘yicha ijobiy misollar bor ekani, biroq qolgan mamlakatlardagi elchilar bu masalada sust ekani qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ