Davlat aktivlari agentligining binosi 251,6 mlrd so‘mga sotildi
Bu Yangi Toshkentga ko‘chirish dasturi doirasida realizatsiya qilingan sakkizinchi ma’muriy bino bo‘ldi
Foto: E-auksion
2026-yil 9-noyabr kuni “E-auksion” elektron savdo platformasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan ma’muriy binosi 251,6 mlrd so‘mga sotildi.
Savdoga chiqarilgan binoning boshlang‘ich narxi 165,5 mlrd so‘m etib belgilangan edi. Yakuniy narx boshlang‘ich qiymatdan 86,1 mlrd so‘m yoki qariyb 52% ga yuqori bo‘lgan
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bino 2025-yil avgust oyida ham 165,5 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narxda ochiq auksionga chiqarilgan.
Obyektni sotish vazirliklar, idoralar va ularga qarashli tashkilotlarni Yangi Toshkentga ko‘chirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur poytaxtdagi 83 ta ko‘chmas mulk obyektini realizatsiya qilishni nazarda tutadi.
Hozirga qadar Toshkent shahridagi vazirlik va idoralarning 8 ta ma’muriy binosi jami 1 120,4 mlrd so‘mga sotilgan. Yana 11 ta obyekt umumiy 1 020,5 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narxda auksionga qo‘yilgan.
Ma’muriy binolarni sotishdan tushadigan mablag‘lar Yangi Toshkentda davlat organlari uchun ma’muriy infratuzilma barpo etishga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ