Nurafshondagi Kelajak texnologiyalari markazi korxonalariga IT Park imtiyozlari beriladi
Robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun xomashyo va butlovchi qismlar import bojidan ozod qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvda yuqori texnologiyali sanoatni qo‘llab-quvvatlashning yangi choralarini ma’lum qildi.
Davlat rahbariga ko‘ra, mamlakatda korxonalarni zamonaviy texnologik uskunalar, sanoat robotlari va elektronika mahsulotlari bilan ta’minlaydigan yaxlit ekotizimni shakllantirish zarur.
Buning uchun Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Uning tarkibidagi korxonalarga IT Park rezidentlari bilan bir xil imtiyozlar beriladi.
IT Park Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, uning rezidentlari 2028-yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘i, QQS, ijtimoiy soliq va aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilingan. Ularning xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining imtiyozli stavkasi — 12% o‘rniga 7,5%. Bundan tashqari, texnologik uskunalar va butlovchi qismlarni import qilishda bojxona bojlaridan ozod qilish 2040-yilga qadar amal qiladi. Daromadining 50% dan ortig‘ini xorijdan oladigan eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar uchun ayrim soliq imtiyozlari ham 2040-yilga qadar uzaytirilgan.
Xususan, robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo hamda butlovchi qismlar import bojidan ozod qilinadi. Bu yo‘nalishlardagi ilmiy ishlanmalardan olinadigan daromadlar ham soliqqa tortilmaydi.
Shu bilan birga, taqdim etiladigan imtiyozlarning aniq ro‘yxati, ularni qo‘llash tartibi va yangi qoidalarning kuchga kirish muddatlari hozircha aniqlashtirilmagan.
Yig‘ilishda mamlakatda yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish uchun zarur poydevor shakllanayotgani ta’kidlandi. Jumladan, Ohangaron texnoparkida mikroprotsessor modullari ishlab chiqarilmoqda, Toshkentda esa Janubiy Koreya hamkorlari bilan robotlar ishlab chiqarish loyihasi boshlangan.
Ilmiy ishlanmalar va sanoat uchun yangi platforma
Ilmiy tadqiqotlar va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun “Yangi sanoat” milliy platformasi ishlab chiqiladi.
U kelajak texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotchilar va yangi ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etishdan manfaatdor korxonalarni birlashtirishi kerak.
Bundan tashqari, prezident 2027-yil 1-mayga qadar har bir hududda bittadan tadqiqot va ishlanmalar markazi (R&D) yoki texnoparkni yangi sanoat yo‘nalishlariga moslashtirib, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish maydonchalarini tashkil etishni topshirdi.
Bunday maydonchalar yirik korxonalar va kichik biznes o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mas’ullarga ikki hafta ichida robototexnikani rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini, 2027-yil 1-martga qadar esa uskunasozlik va elektronika tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlash topshirildi.
1000 nafar muhandis tayyorlash dasturi
Yig‘ilishda yangi sanoat yo‘nalishlari uchun muhandis kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratildi.
Prezident 2027-yildan O‘zbekistonda “1 ming muhandis-konstruktor” dasturi amalga oshirilishini ma’lum qildi. Uning doirasida mahalliy mutaxassislar malaka oshirish uchun Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Yevropa davlatlariga yuboriladi.
Shuningdek, xorijdagi yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan yuqori malakali vatandoshlarni O‘zbekistonga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ular uchun munosib ish haqi va mehnat sharoitlari yaratilishi aytildi.
Hozirda O‘zbekistondagi texnika oliygohlarining 20 nafar talabasi va tadqiqotchisi Janubiy Koreya elektronika korxonalarida ta’lim olmoqda. Yaqin vaqtda ularning sonini 100 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti, Inha, ToshTech va Turin politexnika universitetiga yetakchi xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish va muhandis-texnologlar tayyorlash topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 22-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshonda davlatga qarashli Cyber University yonida Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshini qo‘yib, loyihaga start bergan edi.
O‘shanda 36 gektar maydondagi majmua qurilishiga qariyb $500 mln investitsiya jalb etilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan.
Markazda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlari bo‘yicha oltita zamonaviy laboratoriya tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt data markazi, muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuterlar, ma’lumot uzatish uskunalari va yuqori texnologiyali tokenlar ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan.
Uchuvchisiz uchish qurilmalari va robototexnikani sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon tashkil etiladi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Obyektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 5 MVt quvvatga ega obyektlar qurilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish natijasida 5000 dan ortiq yuqori malakali ish o‘rni yaratilishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ