Nurafshonda $500 mlnlik Kelajak texnologiyalari markazi quriladi

Shuningdek, Toshkent viloyatida umumiy qiymati $465 mln bo‘lgan to‘qqizta yangi loyiha qurilishi boshlandi

Nurafshonda $500 mlnlik Kelajak texnologiyalari markazi quriladi

Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazining tamal toshini qo‘ydi hamda yana bir qator yangi loyihalarga start berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari marosimdagi nutqida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni rivojlantirmayotgan davlatlar global iqtisodiy taraqqiyotda ortda qolish xavfiga duch kelishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli texnologiyalarni hayotning barcha sohalariga joriy etish mamlakatning kelgusidagi rivoji va xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi.

Joriy yilda O‘zbekistonda venchur investitsiyalar hajmi besh barobar oshdi, milliy startap ekotizimining qiymati esa qariyb $4,5 mlrdga yetdi. Innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mukofot jamg‘armasi $5 mln bo‘lgan maxsus startaplar tanlovi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Maydoni 36 gektarni tashkil etadigan yangi majmua qurilishiga qariyb $500 mln yo‘naltiriladi. Markaz ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish jarayonlarini yagona tizimga birlashtiradi. Qurilish hududi hozirda ming nafarga yaqin kiberxavfsizlik mutaxassisi tahsil olayotgan Cyber University yaqinida joylashtirilgan bo‘lib, kelgusida ushbu oliygoh atrofida yirik texnologik klaster shakllantiriladi.

Loyiha doirasida bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlari bo‘yicha oltita zamonaviy laboratoriya, ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (data-markaz), shuningdek, himoyalangan kompyuterlar va tokenlar ishlab chiqarish bazasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, robototexnika va dronlarni sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon barpo etilishi rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy ishlanmalarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga mo‘ljallangan alohida platforma yaratiladi. Majmua 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratadi va 5 megavatt elektr quvvati bilan ta’minlanadi.

Kutilishicha, joriy yilda Toshkent viloyatidan raqamli xizmatlar eksporti ilk bor $50 mlnga yetadi. Hudud salohiyatini yanada oshirish maqsadida Chirchiq va Nurafshon shaharlarida yangi IT-parklar qurilishi ham boshlandi.

Shu bilan birga, Germaniya, Rossiya va Xitoy kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati $465 mln bo‘lgan to‘qqizta infratuzilma obyektining qurilishiga ham start berildi. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida yana 5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifati yaxshilanishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda QQSdan ozod etiladigan 516 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ro‘yxati tasdiqlandi
/
O‘zbekistonda QQSdan ozod etiladigan 516 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ro‘yxati tasdiqlandi
“Keshbek tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi” — Fiskal tahlillar instituti vakili
/
“Keshbek tizimi qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi” — Fiskal tahlillar instituti vakili
Raqobat qo‘mitasi mahalliy brendlar duch kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni boshladi
/
Raqobat qo‘mitasi mahalliy brendlar duch kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaatlar qabul qilishni boshladi