O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida moliyaviy xavf haqida ogohlantirish majburiy bo‘ldi
Bunday ogohlantirish reklamaning umumiy maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim
Foto: Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni kredit xizmatlari reklamasini tartibga solishga qaratilgan qonunni (O‘RQ-1187) imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qonun loyihasi mart oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi va ikkinchi o‘qishlarda ma’qullangan. Avgust oyida esa Senat tomonidan tasdiqlangan.
Yangi qonun bilan kredit va mikroqarz xizmatlari reklamasida iste’molchilarni moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish majburiy etib belgilanmoqda.
Xususan, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, kredit yoki mikroqarz reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xavflarga olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot berilishi kerak.
Bunday ogohlantirish reklamaning umumiy maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim.
Avvalroq prezident qarori bilan kredit reklamalarida ortiqcha to‘lov va kreditning to‘liq qiymatini ko‘rsatish majburiy bo‘lgandi.
Shuningdek, reklamalarda shartnoma tuzilayotgan paytda hisoblab bo‘lmaydigan daromad miqdorini kafolatlash taqiqlanadi. Mazkur cheklov moliyaviy xizmatlarni targ‘ib qiluvchi reklama materiallariga ham tatbiq etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ