Toshkent aeroportida chetdan olib kirilayotgan telefonlarni rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi
Qaror IMEI-identifikatorlarini tekshirish va qurilmalarning qonuniy olib kirilganini tasdiqlash tartibiga aniqlik kiritish zarurati bilan bog‘liq
Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvi IMEI-kodlarini tekshirish bilan bog‘liq masalalarga aniqlik kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda qiymati $1 mingdan ortiq bo‘lgan smartfonlar 30 kungacha qo‘shimcha ekspertizaga yuborilishi, rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish uchun esa qo‘shimcha to‘lov undirilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Bojxona qo‘mitasi vaziyat yuzasidan izoh berib, bunday qurilmalarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda qalbaki IMEI-kodlar va boshqa telefonlarga tegishli identifikatorlardan foydalangan holda mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirishga urinishlar ko‘paygan. Shuningdek, bojsiz olib kirish me’yorlarini chetlab o‘tish maqsadida bitta qurilma ma’lumotlaridan bir nechta boshqa telefonlarni qonuniylashtirish uchun foydalanish holatlari ham aniqlanmoqda.
2026-yil boshidan buyon “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq 185 ta holat aniqlangan. Natijada umumiy qiymati 8,8 mlrd so‘mlik 1 185 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgan.
Bojxona qo‘mitasi IMEI-identifikatorlarini, jumladan, IMEI-1 va IMEI-2 kodlarining aynan bitta qurilmaga tegishli ekanini tekshirish maxsus bilim va malaka talab qilishini ta’kidladi.
Shu sababli Toshkent xalqaro aeroporti orqali olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvi IMEI-kodlarini tekshirish va ularning qonuniy olib kirilganini tasdiqlash tartibiga aniqlik kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
Bojxona qo‘mitasi vakilining qo‘shimcha tushuntirishicha, vaqtincha olib qo‘yilayotgan telefonlar tegishli dalolatnoma asosida rasmiylashtiriladi. Bojxona rasmiylashtiruvi qayta tiklanganidan so‘ng qurilmalar egalariga qaytariladi.
Shu bilan birga, telefonlar 30 kungacha ekspertizaga yuborilishi haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Idora vakilining so‘zlariga ko‘ra, jarayonni uzoq muddatga cho‘zish rejalashtirilmagan.
Vaziyatni tartibga solish maqsadida Bojxona qo‘mitasi tegishli davlat organlari bilan birgalikda mobil qurilmalarni tekshirish va rasmiylashtirish tartibini aniqlashtirish bo‘yicha choralarni belgilagan. Idora yaqin vaqt ichida masalaga oydinlik kiritilib, bojxona rasmiylashtiruvi belgilangan tartibda qayta tiklanishiga umid qilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ