JSTga a’zo bo‘lish doirasida telefonlar importiga bojxona boji bekor qilinadi — Bojxona qo‘mitasi
Mobil qurilmalar uchun amaldagi 5 foizlik bojxona boji 0 foizga tushiriladi, biroq 12 foizlik QQS saqlanib qoladi
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarda mobil qurilmalar importiga bojxona boji stavkasini nol foiz etib belgilashga kelishgan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasida mobil qurilmalar importidagi yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Hozirda O‘zbekistonda mobil qurilmalarni import qilishda bojxona boji stavkasi 5% ni, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) esa 12% ni tashkil etadi. JSTga a’zo bo‘lish jarayonida erishilgan kelishuvga ko‘ra, mobil qurilmalar uchun bojxona boji stavkasi nol foizgacha tushiriladi. Bunda QQSni to‘lash majburiyati saqlanib qoladi.
Bojxona qo‘mitasi vakilining ta’kidlashicha, stavkaning nolga tushirilishi natijasida davlat budjetiga mobil qurilmalar importidan tushadigan bojxona to‘lovlari hajmi 300–400 mlrd so‘mga kamayishi mumkin. Buning evaziga aholi telefonlarni amaldagidan 5% ga arzonroq sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Matbuot anjumanida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda bojxona organlari jami 63,5 trln so‘mlik to‘lovlarni undirishgan. Shundan 2 trln so‘mi mobil qurilmalar importi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Taqqoslash uchun, dunyo bo‘yicha mobil qurilmalar importiga o‘rtacha bojxona boji stavkasi 10–15% ni, QQS stavkasi esa 18–20% ni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 5% va 12% ga teng.
Qo‘mita vakili mobil qurilmalar importidagi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda rasmiy importyorlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish muhimligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonuniy import bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar bojxona to‘lovlari va ichki soliqlarni to‘laydi, norasmiy olib kirilayotgan qurilmalar esa bunday xarajatlardan chetda qolishi mumkin.
Shuningdek, IMEI tizimi faqat bojxona to‘lovlarini undirish uchun emas, balki mobil qurilmalarning qonuniy aylanmasini ta’minlash, o‘g‘irlangan telefonlarni aniqlash va bloklash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda firibgarlik holatlariga qarshi kurashish uchun ham xizmat qilishi qayd etildi.
Bojxona qo‘mitasi vakili bojxona boji stavkasini belgilash uning idorasi vakolatiga kirmasligini, bu masala vakolatli vazirliklar tomonidan tartibga solinishini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ