Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo uchun iqlim integratsiyasi modelini yaratishni taklif qildi
Bu borada banklar va jamg‘armalar bilan hamkorlikda imtiyozli grantlar, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitida ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston avvalroq 2030-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 35% ga qisqartirish bo‘yicha belgilangan maqsadni muddatidan oldin bajargan.
Sammitda dunyoning 90 dan ortiq mamlakati davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etmoqda.
Prezident mamlakatda so‘nggi yillarda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ham qayd etdi. Xususan, so‘nggi o‘n yilda iqtisodiyotda suv sarfi deyarli ikki baravar, havzalardan olinadigan suv miqdori esa 20% ga kamaygan. Sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.
Shuningdek, mamlakatdagi o‘rmonlar maydoni 6 mln gektarga yetkazilgan bo‘lib, uning uchdan bir qismi Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi.
Mirziyoyev Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi va qurg‘oqchilik xavfi kuchayib borayotganini ta’kidlab, mintaqa davlatlari o‘rtasida iqlim masalalaridagi hamkorlikni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi.
Uning fikricha, mintaqaviy Iqlim integratsiyasi modelini uchta asosiy yo‘nalishda rivojlantirish lozim.
Birinchi yo‘nalish — axborot almashinuvi. Bunda Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish infratuzilmasini yaratish taklif qilindi.
Ikkinchi yo‘nalish — texnologik hamkorlik. Prezident “Eco Expo” ko‘rgazmasini mintaqa ehtiyojlariga mos ekologik yechimlar taqdim etiladigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishga tayyorligini bildirdi.
Uchinchi yo‘nalish — moliyalashtirish. Bu borada taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan hamkorlikda imtiyozli grantlar, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish taklif etildi.
Davlat rahbari iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni biror mamlakat yakka o‘zi hal qila olmasligini ta’kidlab, konferensiya ishtirokchilarini taklif etilayotgan integratsiya modelini amaliy mazmun bilan boyitishga chaqirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ